Chet davlatga ketishda aliment to‘lash majburiyati
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotgan bo‘lsa, qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchi bilan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shart.
Chet davlatga ketish aliment to‘lash majburiyatini bekor qilmaydi. Aliment to‘lovchi alimentning miqdori, to‘lash usuli va muddatlarini oldindan hal qilishi lozim.
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv
Aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanadi. Notarial tasdiqlangan kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega.
Kelishuvda aliment quyidagi usullarda to‘lanishi nazarda tutilishi mumkin:
Voyaga etmagan bola uchun kelishuvda belgilanadigan aliment miqdori bola sud tartibida aliment undirganda olishi mumkin bo‘lgan miqdordan kam bo‘lmasligi kerak.
Agar taraflar kelishuvga erisha olmasa, manfaatdor shaxs alimentni qat’iy pul summasida belgilash, bir yo‘la to‘lash, aliment hisobiga muayyan mol-mulk berish yoki alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Alimentni oldindan to‘lash
Voyaga etmagan bolalar ta’minoti uchun aliment oldindan to‘langan bo‘lsa, aliment to‘lovchi chet davlatga ketish munosabati bilan alohida aliment kelishuvi tuzish majburiyatidan ozod etiladi.
Alimentni oldindan to‘lash bola voyaga etguniga qadar bo‘lgan har qanday davr uchun, qoida tariqasida, kamida besh yilga amalga oshiriladi. Agar bolaning voyaga etishiga besh yildan kam vaqt qolgan bo‘lsa, aliment qolgan davr uchun oldindan to‘lanadi.
Alimentni oldindan to‘lash faqat aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Agar aliment ish haqi yoki boshqa daromadga nisbatan ulushda belgilangan bo‘lsa, oldindan to‘lash keyingi davrda aliment to‘lovchining daromadi ko‘payishi natijasida yuzaga keladigan qo‘shimcha aliment summasini to‘lashdan ozod qilmaydi.
Majburiy ijro byurosiga murojaat qilish
Ijro hujjati davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lsa, aliment to‘lovchi ijro ishini yuritayotgan Majburiy ijro byurosining tuman yoki shahar bo‘limiga quyidagilarni olish uchun ariza beradi:
Ariza elektron pochta orqali ham berilishi mumkin. Arizada aliment oldindan to‘lanadigan davr ko‘rsatiladi. Unga avvalgi davrlarda to‘langan yoki ushlab qolingan aliment summalari, ish haqi va boshqa daromadlar, shu jumladan chet elda olingan daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Ariza etti ish kunida ko‘rib chiqiladi. Hujjatlarni qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda ko‘rib chiqish muddati o‘n besh ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.
Sudga murojaat qilish
Davlat ijrochisining hisob-kitobi va qarzdorlik mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnoma olingach, aliment to‘lovchi ijro hujjatini bergan sudga ijro usuli va tartibini alimentni oldindan to‘lashga o‘zgartirish haqida ariza beradi.
Agar aliment notarial tasdiqlangan kelishuv asosida undirilayotgan bo‘lsa, ariza ijro ishini yuritayotgan Majburiy ijro byurosi bo‘limi joylashgan hududdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga beriladi.
Arizada alimentni umumiy tartibda to‘lashga to‘sqinlik qiladigan ob’ektiv holatlar, masalan, chet davlatga ketish haqidagi taklifnoma yoki chet elda ishlashga tayinlanganlik to‘g‘risidagi hujjat ko‘rsatiladi.
Sud arizani qanoatlantirsa, alimentning oldindan to‘lanadigan summasi, to‘lov davri va to‘liq to‘lash muddati ajrimda belgilanadi. Sud ajrimiga muvofiq alimentning to‘liq summasi to‘lanishi yoki aliment hisobiga mol-mulk topshirilishi o‘n ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Aliment majburiyatini garov bilan ta’minlash
Aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilishi mumkin. Garov shartnomasi notarial tasdiqlanishi shart.
Garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim. Garov berish ham faqat aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Ijro hujjati davlat ijrochisi ish yurituvida bo‘lsa, ijro usulini garov bilan ta’minlashga o‘zgartirish uchun sudga murojaat qilinadi. Arizaga garov shartnomasi, qarzdorlik mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnoma va umumiy tartibda to‘lashga to‘sqinlik qiladigan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Chetga chiqishga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish
Alimentning oldindan to‘lanishi yoki aliment majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilishi qarzdorga nisbatan avval belgilangan O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga doir vaqtinchalik cheklovni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Aliment to‘liq to‘langanidan yoki tegishli garov shartnomasi taqdim etilganidan keyin davlat ijrochisi chiqish cheklovi bekor qilingani haqida qarzdorni, ichki ishlar organlarini va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarini keyingi kundan kechiktirmay yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Agar chiqishga doir vaqtinchalik cheklov sud hujjati asosida qo‘yilgan bo‘lsa, cheklov sud tomonidan bekor qilinadi.
Aliment oldindan to‘langan davrda majburiy ijro harakatlari amalga oshirilmaydi, ammo ijro ishi avtomatik ravishda tamomlanmaydi. Oldindan to‘langan davr tugagach, aliment to‘lash umumiy tartibda davom ettiriladi.