Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 54337 marta o'qildi

Majburiy ijroni boshlash uchun asoslar

Alimentni majburiy undirish quyidagi ijro hujjatlaridan biri asosida amalga oshiriladi:

  • sudning ijro varaqasi;
  • aliment undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i;
  • notarial tasdiqlangan aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuv.

Notarial tasdiqlangan aliment kelishuvi ijro varaqasi kuchiga ega. Shu sababli uni majburiy ijro etish uchun alohida sud qarori olish talab etilmaydi.

Majburiy ijro byurosiga murojaat qilish

Ijro hujjati qarzdorning yashash joyi, ish joyi yoki uning mol-mulki turgan joydagi Majburiy ijro byurosining tuman yoki shahar bo‘limiga taqdim etiladi.

Arizada undiruvchi, bola va qarzdor haqidagi ma’lumotlar, alimentni o‘tkazish uchun bank rekvizitlari, shuningdek qarzdorning ma’lum ish joyi, daromad manbalari, bank hisobvaraqlari va mol-mulki haqidagi mavjud ma’lumotlarni ko‘rsatish maqsadga muvofiq.

Arizaga ijro hujjatining asli, ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari hamda mablag‘larni o‘tkazish uchun zarur rekvizitlar ilova qilinadi.

Davlat ijrochisi belgilangan talablarga javob beradigan ijro hujjatini qabul qilishi va uni olgan paytdan boshlab bir ish kuni ichida ijro ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarishi lozim.

Alimentni darhol ijro etish

Aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari darhol ijro etiladi. Davlat ijrochisi ijro ishi qo‘zg‘atilganidan keyin qarzdorning daromadlari, bank hisobvaraqlari va mol-mulkini aniqlash hamda undiruvni ta’minlash choralarini ko‘radi.

Majburiy ijro choralariga quyidagilar kiradi:

  • undiruvni qarzdorning pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkiga qaratish;
  • qarzdorning boshqa shaxslarda turgan pul mablag‘lari va mol-mulkiga undiruv qaratish;
  • qarzdorning debitorlik qarzi va ayrim mulkiy huquqlariga undiruv qaratish;
  • ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlardan ushlab qolish;
  • ijro hujjatida ko‘rsatilgan muayyan ashyolarni qarzdordan olib qo‘yish va undiruvchiga topshirish;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ijro choralarini qo‘llash.

Sud hujjati asosidagi talablar qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra bajarilmagan taqdirda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasiga asosan yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashi mumkin.

Aliment qarzini hisoblash

Aliment qarzining miqdori sud qarorida yoki notarial kelishuvda belgilangan miqdordan kelib chiqib davlat ijrochisi tomonidan aniqlanadi.

Voyaga etmagan bolalar uchun qarz aliment to‘lovchining aliment to‘lanmagan davrdagi haqiqiy ish haqi va boshqa daromadlari asosida hisoblanadi.

Agar qarzdor ushbu davrda ishlamagan bo‘lsa yoki uning ish haqi va daromadlarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmasa, qarz undirilayotgan vaqtdagi O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.

Davlat ijrochisi hisoblagan qarz miqdori taraflardan birining manfaatlariga jiddiy zarar etkazsa, manfaatdor taraf qarz miqdorini qat’iy summada belgilash to‘g‘risida sudga murojaat qilishi mumkin.

O‘tgan davr uchun aliment undirish

Ijro varaqasi yoki notarial kelishuv o‘tgan davrdan keyin ijroga taqdim etilgan bo‘lsa, aliment qarzi, qoida tariqasida, ijro hujjati taqdim etilgunga qadargi uch yildan ko‘p bo‘lmagan davr uchun undiriladi.

Agar aliment qarzi to‘lovchining aybi bilan vujudga kelgan bo‘lsa, qarz uch yillik muddatdan qat’i nazar, to‘lanmagan barcha davr uchun undiriladi.

Sud qarori asosida aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning aybi bilan qarz paydo bo‘lsa, aliment oluvchi kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lanmagan aliment summasining 0,1 foizi miqdorida neustoyka talab qilish huquqiga ega.

Davlat ijrochisi harakatlari ustidan shikoyat qilish

Davlat ijrochisining qarori, harakati yoki harakatsizligi ustidan qaror haqida xabardor qilingan yoki huquq buzilgani ma’lum bo‘lgan paytdan boshlab o‘n kun ichida davlat ijrochisi joylashgan erdagi ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.

Chat