Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22564 marta o'qildi

Qachon tibbiy xizmat pulli bo‘ladi?

Bemor rejali tibbiy yordam olish uchun tegishli yo‘llanmasiz, o‘z xohishi bilan bevosita davlat tibbiyot muassasasiga murojaat qilsa, tibbiy yordam pulli asosda ko‘rsatiladi.

Shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam bundan mustasno.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan paketga kirmagan tibbiy xizmatlar ham qo‘shimcha xizmat hisoblanadi va pulli ko‘rsatiladi.

Bepul xizmat o‘rniga pulli xizmat majburan taklif qilinishi mumkinmi?

Pulli xizmatlarni tashkil etish kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning:

  • hajmiga;
  • soniga;
  • sifatiga salbiy ta’sir qilmasligi kerak.

Bepul tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishning ustuvorligi saqlanishi shart.

Xizmat narxini oldindan bilish mumkinmi?

Tibbiyot muassasasining kirish qismida pulli xizmatlar bo‘yicha axborot burchagi, to‘lov kassasi va xizmatlar narxi bo‘yicha tasdiqlangan hisob-kitoblar mavjud bo‘lishi kerak.

Bemor tasdiqlangan narxnoma bo‘yicha haq to‘laganidan keyin mutaxassis ko‘rigiga yoki instrumental-laborator tekshiruvga yo‘naltiriladi.

Statsionar pulli davolanishda shartnoma tuziladimi?

Ha. Statsionar sharoitida pulli tibbiy xizmat ko‘rsatilganda shartnoma ikki yoki uch nusxada tuziladi.

Uni bemor, to‘lovni boshqa shaxs amalga oshirsa homiy (to‘lovchi) hamda tibbiyot muassasasining vakolatli shaxsi imzolaydi. Shartnomaning bir nusxasi bemorga yoki to‘lovchiga beriladi.

Dori, ovqat va tibbiy jihozlar qanday hisoblanadi?

Pulli statsionar xizmatda ovqatlanish, dori vositalari va tibbiy jihozlar bemorga amalda foydalanilgan hajmda hisob-kitob uchun taqdim etiladi.

Agar ko‘rsatilgan tibbiy xizmat yoki mutaxassisning noto‘g‘ri tashxisi va harakatlari oqibatida asorat kelib chiqsa, uni davolash xarajatlari tibbiyot muassasasining o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Shifoxonadan chiqishda qanday hisob-kitob qilinadi?

Bemor shifoxonadan chiqish vaqtida bajarilgan ishlar dalolatnomasi asosida yakuniy hisob-kitob qiladi va unga dalolatnomaning nusxasi beriladi.

Tibbiyot muassasasi bilan bemor o‘rtasida nizo kelib chiqsa, u avvalo kelishuv yo‘li bilan, kelishuvga erishilmasa sud tartibida hal etiladi.

Chat