Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16909 marta o'qildi

Sanatoriy turidagi maktab-internatlar oxirgi 5 yilda 3 yoshdan 16 yoshgacha bolalar o‘rtasida tegishli kasalliklarning ko‘payganligini ko‘rsatadigan rasmiy statistika ma’lumotlariga asosan xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari taqdimnomasiga moliya boshqarmalarining ijobiy xulosasi berilgan taqdirda viloyatlar va Toshkent shahar hokimi tomonidan tashkil etiladi.

Sanatoriy turidagi maktab-internatlarda o‘quvchilar bepul umumiy o‘rta ta’lim, bepul tibbiy xizmat hamda bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.

Sanatoriy turidagi maktab-internatga bolalar 7 yoshdan boshlab qabul qilinadi

Sanatoriy turidagi maktab-internatlar turlari:

Sanatoriy turidagi maktab-internatlari quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar;
  • sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari xavfi bo‘lgan guruh bolalari uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlar.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga ularning turiga muvofiq holda:

  • I—IV daraja skolioz bilan kasallangan;
  • sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklariga chalingan, alohida shart-sharoitlarda davolash va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan maktab yoshidagi bolalar qabul qilinadi.

Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga quyidagilar qabul qilinmaydi:

  • aqli zaif bolalar;
  • xulq-atvorida og‘ir buzilishlar, hissiy-irodaviy sohasida (organik) nuqsonlari bo‘lgan bolalar;
  • yurak-qon tomiri kasalliklari bor bolalar;
  • tayanch-harakat apparatida nuqsoni bo‘lgan, mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsata olmaydigan bolalar;
  • ko‘r-kar-soqov bolalar;
  • tez-tez takrorlanadigan epileptik tutqanoqdan aziyat chekadigan (epileptik dementsiya, kunduzgi va tungi vaqtlarda tutqanog‘i tez-tez takrorlanadigan) bolalar;
  • markaziy asab tizimiga shikast etganligi tufayli siydik va najasini ushlab turolmaydigan bolalar.

Mazkur toifadagi bolalar imkoniyati cheklangan bolalarga mo‘ljallangan maktablarda yoki uyda ta’lim oladi.

Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga joylashtirish:

Bolalarni sanatoriy turidagi maktab-internatlar yuborish xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan, boshqarmalar huzurida tashkil etilgan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.

Sanatoriy turidagi maktab-internatlarga yo‘llangan har bir bolaga ota-onalari (chin etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun — vasiylik va homiylik organlari) tomonidan shaxsiy hujjatlar yig‘majildi rasmiylashtiriladi va taqdim etiladi.

Bolaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildida quyidagi hujjatlar bo‘ladi:

  • ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning arizasi;
  • psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosalarining ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasiga yo‘llangan bola bilan olib boriladigan ta’lim-tarbiyaviy va davolash-tuzatish bo‘yicha tavsiyalari aks etgan bayoni;
  • tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
  • ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar;
  • o‘qish joyidan ta’limning muddati, o‘quv fanlarini o‘zlashtirishi va xulq-atvori, bolaga yakka tartibda ko‘mak berish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarning batafsil tahlili aks ettirilgan ma’lumotnoma va tavsifnoma;
  • bolaning yashash joyidagi shifoxona bosh vrachi tomonidan imzolangan, uning rivojlanishi tarixidan mufassal ko‘chirma:
  • pediatrning bolaning umumiy rivojlanishi holati to‘g‘risidagi xulosasi;
  • psixonevrologning tibbiy tashxis bilan asoslangan va bolaning aqliy rivojlanishiga tavsifi bilan xulosasi;
  • otorinolaringologning quloq, tomoq, burun va talaffuz artikulyatsiyasida ishtirok etuvchi organlarning holatiga tavsifi bilan xulosasi;
  • oftalьmologning ko‘rish organiga tavsifi bilan xulosasi;
  • ortoped vrachning xulosasi (tayanch-harakatlanish apparatida nuqsoni bo‘lgan, skoliozga chalingan bolalar uchun);
  • vrach-ftiziatrning xulosasi (tuberkulez va nafas olish organlarining surunkali kasallanishi xavfi ostidagi bolalar guruhlari uchun).

Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda ta’lim jarayoni:

Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda o‘qitish umumiy o‘rta ta’lim o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida olib boriladi.

Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda bolalar 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddat bo‘lishi mumkin.

Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda sil va nafas olish organlarining surunkali kasalliklari rivojlanishi xavfi mavjud guruhdagi bolalar uchun sinflar va tarbiyalanuvchilar guruhi to‘ldirilishi kamida 25 nafarni, skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sinflar va tarbiyalanuvchilar guruhi to‘ldirilishi esa — kamida 20 nafarni tashkil qiladi.

Birinchi yarim yillikda I sinfda darsning davomiyligi — 35 daqiqa, ikkinchi yarim yillikda I sinfda va boshlang‘ich ta’lim (maktab)ning II — IV sinflarida-40 daqiqa, V va keyingi sinflarda — 45 daqiqa bo‘ladi.

Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda o‘quvchilar uchun turli to‘garaklar, qiziqishlariga ko‘ra klublar, sektsiyalar (jumladan, shifokorlar tavsiyalariga ko‘ra sport sektsiyalari) va bolalarning intellektual hamda ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mo‘ljallangan studiyalar tashkil etiladi.

Sanatoriy tipidagi maktab-internatlarda ta’lim jarayonining psixologik ta’minotini muassasa shtatidagi psixolog amalga oshiradi.

Bolalarni sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan davolash-sog‘lomlashtirish, reabilitatsiya, sanitariya-gigiena va profilaktika chora-tadbirlari maktab-internatlarning shtatdagi tibbiy va pedagog xodimlari hamda ta’lim muassasasiga biriktirilgan sog‘liqni saqlash muassasasining tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

 

 

Chat