Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 36300 marta o'qildi

Talabalarga akademik ta’til quyidagi hollarda berilishi mumkin:

  • harbiy xizmatni o‘tash uchun;
  • salomatligini tiklash uchun;
  • homiladorlik va tug‘ish uchun;
  • bolalarni parvarish qilish uchun;
  • oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.

Oliy ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar ro‘yxati

Akademik ta’til muddati

Akademik ta’til o‘quv yilining har qanday qismida, quyidagi muddatlarga beriladi:

  • harbiy xizmatni o‘tash uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan harbiy xizmatni o‘tash muddatiga;
  • homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — qonunchilik hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga;
  • salomatligini tiklash hamda oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — keyingi yilning talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanguniga qadar bo‘lgan muddatga. Bunda, qayd etilgan muddatlardan biri talabaning arizasiga muvofiq oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.

Akademik ta’til berish

Akademik ta’til olish uchun talaba (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra talaba shaxsan murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘i) tomonidan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilinadi.

Akademik ta’til olishni so‘rab murojaat qilgan talabaning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • harbiy xizmatni o‘tash uchun — tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;
  • salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;
  • oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi.

Akademik ta’tildan qaytish tartibi
  1. Talaba akademik ta’tilga chiqqan kundan boshlab bir oy o‘tmagan bo‘lsa, akademik ta’tilni bekor qilish va o‘qishga qaytishni so‘rab oliy ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli.
  2. Talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilishi shart.
  3. Talaba akademik ta’tildan belgilangan muddat tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori (direktori) nomiga ariza bilan murojaat qilgan taqdirda uning arizasini asossiz ravishda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holat bo‘yicha mas’uliyat shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori) zimmasiga yuklanadi.
  4. Homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo‘lgan talabalar kamida keyingi o‘quv yilining talaba tomonidan to‘liq o‘zlashtirilmagan semestri boshlanishi muddatiga o‘qishga qaytishi mumkin.
  5. Akademik ta’tildan qaytish bo‘yicha talabaning murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi va uning oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qaytishi to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasi rektori (direktori)ning buyrug‘i rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda talaba akademik ta’tildan qaytgandan so‘ng o‘qiydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), o‘quv kursi va guruhi ko‘rsatiladi.

Chat