Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 26383 marta o'qildi

Barkamol avlod” markazlari ko‘p tarmoqli bo‘lib, u faoliyat yuritadigan hududning xususiyati, o‘quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga ko‘ra ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan holda faoliyat ko‘rsatadi.

Markaz 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ularning har tomonlama kamol topishlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Markaz alohida binoda yoki umumta’lim maktablari binolarining alohida o‘quv bloklarida alohida kirish joyi bilan ta’minlangan va maktabdagi o‘qish jarayoniga xalaqit bermaydigan holda tashkil qilinadi hamda mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatadi.

Markazda texnik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishlaridagi to‘garaklar tashkil etiladi. Markazda o‘qish istagini bildirgan bolalar ularning ota-onalari bilan tuzilgan shartnomaga asosan qabul qilinadi.

Ta’lim jarayoni

To‘garak mashg‘ulotlari o‘quv dasturlari talablariga ko‘ra butun o‘quv yili uchun hamda qisqaroq muddatlarga ham tashkil etiladi.

To‘garak mashg‘ulotlari o‘quv yilining 15-sentabridan boshlanib 25-mayda yakunlanadi. Yozgi ta’til kunlari uchun alohida mavsumiy rejalar tuziladi.

Markazning to‘garak mashg‘ulotlari jadvali to‘garak a’zolari uchun qulay tartibda, ularning yoshi, psixofiziologik xususiyatlari va sanitariya-gigiena normalari inobatga olingan holda pedagogik xodimlarning taqdimnomasiga ko‘ra ma’muriyat tomonidan tuziladi va tasdiqlanadi.

Markazda to‘garak mashg‘ulotlarining tashkil etilishi uchun haftada 6 akademik soat ajratiladi. 6 yoshli bolalar uchun olib boriladigan to‘garak mashg‘ulotlari vaqti 35 daqiqa etib belgilanadi va u haftada 2 akademik soatdan oshmasligi lozim.

Markazda har bir guruhdagi to‘garak a’zolarining soni birinchi o‘quv yilida 10 nafardan, ikkinchi va undan keyingi o‘quv yillarida esa 8 nafardan kam bo‘lmasligi lozim.

To‘garaklar o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, maxsus o‘quv dasturlari asosida birinchi va ikkinchi o‘quv yillaridan keyingi o‘quv yillari uchun ham tashkil etilishi mumkin.

Markaz tomonidan o‘quvchilarga qo‘shimcha ta’lim olganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

To‘lovlar

«Barkamol avlod» bolalar markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalardan olinadigan to‘lovlar oyiga eng kam oylik ish haqiga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazm viloyatining Urganch shaharlarida — 5 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tuman (shahar)larida — 2,5 foiz;
  • viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida — 10 foiz;
  • respublikaning qolgan tuman (shahar)larida — 5 foiz;

To‘lov ikki hafta mobaynida belgilangan miqdorda va uzrli sabablarsiz to‘lanmagan taqdirda, bolaning o‘qishi to‘xtatiladi, agar to‘lov bo‘yicha qarzdorlik ushbu qarzdorlik yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kalendarь kun mobaynida to‘langan bo‘lsa, bolaning o‘qishi qayta tiklanadi.

To‘lov bo‘yicha qarzdorlik u yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kalendarь kun mobaynida qoplanmasa, bola ta’lim oluvchilar safidan chiqariladi.

Bu holda bolaning «Barkamol avlod» bolalar markazida o‘qishini qayta tiklash yangi tuziladigan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.

To‘lovdan ozod qilish

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari va ichki ishlar organlarining profilaktik hisobiga olingan o‘quvchilar markazga to‘lovdan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, «Barkamol avlod» bolalar markazlarida ta’lim oluvchilarning tegishli kontingenti umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oila bolalari to‘lovdan ozod qilinadi.

Bunda, birinchi navbatda ota-onasi (bittasi yoki ikkalasi) I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan kam ta’minlangan oila bolalari, shuningdek har bir oila a’zosi uchun hisoblaganda o‘rtacha oylik daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila bolalari to‘lovdan ozod qilinadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oilaning kam ta’minlanganligi to‘g‘risida «Barkamol avlod» bolalar markaziga taqdim etilgan ma’lumotnoma bolani to‘lovdan ozod qilish uchun asos bo‘ladi.

To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati markaz rahbarining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Ushbu ro‘yxatga kirmagan kam ta’minlangan oilalarning farzandlari zaxira hisobga kiritilib, tegishli o‘rin bo‘shashiga qarab to‘lovdan ozod etiladi.

Chat