Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 106972 marta o'qildi

Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat

Muayyan faoliyatni yoki harakatni amalga oshirish uchun qonunchilikda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olish talabi belgilanishi mumkin. Bunday hujjat ruxsatnoma, kelishuv, xulosa, guvohnoma yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa nomda bo‘lishi mumkin.

Ruxsatnoma talab qilinadigan faoliyat va harakatlarning to‘liq ro‘yxati «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunning 2-ilovasida belgilangan.

Qonunning 2-ilovasida nazarda tutilmagan faoliyat yoki harakat uchun ruxsatnoma talab qilish mumkin emas.

Ariza topshirish

Ariza, odatda:

  • «Litsenziya» axborot tizimi;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
  • 2026-yil 1-martdan maxsus elektron tizim orqali xizmat ko‘rsatuvchi Davlat xizmatlari markazi orqali topshiriladi.

Arizaga faqat tegishli ruxsatnoma pasportida ko‘rsatilgan ma’lumot va hujjatlar ilova qilinadi. Davlat organlarida mavjud ma’lumotlarni arizachidan qayta talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har bir ruxsatnoma bo‘yicha talablar, yig‘im miqdori va ko‘rib chiqish muddati uning pasportida belgilanadi. Umumiy qoidaga ko‘ra, arizani ko‘rib chiqish muddati 20 ish kunidan oshmasligi kerak, biroq ayrim faoliyat turlari uchun Vazirlar Mahkamasi uzoqroq muddat belgilashi mumkin.

Ruxsatnoma va uni tekshirish

Ruxsatnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi va maxsus reestrga kiritiladi. Uning haqiqiyligi hujjatdagi QR-kod orqali tekshiriladi.

Agar ruxsatnoma reestrda mavjud bo‘lsa, uning qog‘oz nusxasini taqdim etishni talab qilish taqiqlanadi.

Rad etish va shikoyat qilish

Ruxsatnoma berishni rad etishga faqat qonunchilikda belgilangan asoslar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi. Masalan, hujjatlar to‘liq bo‘lmasa, talabgor belgilangan talablarga javob bermasa yoki majburiy tekshiruv natijasi salbiy bo‘lsa.

«Ruxsatnoma berish maqsadga muvofiq emas» degan vaj bilan rad etish mumkin emas. Rad etishda aniq sabablar va qonunchilik normalari ko‘rsatilishi shart.

Talabgor kamchiliklarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran taqdim etishi yoki qaror, harakat yoxud harakatsizlik ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.

Chat