Shrift o‘lchami
Ko‘rinish
Yangi uy-joy qurishga ipoteka krediti olish uchun quriladigan uy-joy qiymatining boshlang‘ich to‘lovi faqatgina pul ko‘rinishida emas, balki qurilayotgan uy-joy smeta qiymatining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda ariza beruvchi tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga sotib olingan qurilish materiallari tarzida ham bo‘lishi mumkin.
Aholi daromadlari (ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar) plastik kartochkalarga fuqarolarning yozma arizasi (roziligi) asosida o‘tkaziladi.
Bunda xizmat ko‘rsatuvchi bank xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan taqdim etilgan to‘lov topshiriqnomasi va unga ilova qilingan reestr hamda uning elektron ko‘rinishi (familiya va summalar bo‘yicha) asosida mablag‘larni plastik kartochkalarga kirim qiladi.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksining 153-moddasiga asosan mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi.
Demak, naqd pul olishdagi muammoni asos qilgan holda, xodimlarga ish haqining 100 foizini plastik kartochkaga o‘tkazishga rozilik berish to‘g‘risida ariza yozishga og‘zaki buyruq berish noqonuniydir.
Bank kassasidan berilgan naqd pulni olgan shaxs kassadan uzoqlashmagan holda olingan pul summasini bank kassirining kuzatuvi ostida birma-bir qayta sanash orqali qabul qilib olishi shart.
Agar mijoz alohida ajratilgan xonada yoki maxsus ajratilgan joyda bank kassiri, nazoratchisi kuzatuvi ostida naqd pullarni qayta sanab olmagan bo‘lsa, shuningdek mijoz naqd pullarni bank kassasidan qabul qilib olganidan so‘ng, chiqim kassasidan uzoqlashgan bo‘lsa, mijozning olingan pullar orasidan kamomad chiqqanligi to‘g‘risidagi e’tirozi qanoatlantirilmaydi.
Bu haqidagi ogohlantiruvchi yozuvlar bank chiqim kassasining oldidagi, mijozlarga ko‘rinarli joyga doimo osilgan bo‘lishi shart.
Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli to‘lov vositasi hisoblanadi:
Shikastlangan banknotalarni ayirboshlashda bank xodimi tomonidan ikki nusxada ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi va uning bir nusxasi jismoniy shaxsga beriladi.
Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunday turdagi operatsiyalar amalga oshirilganda bank tomonidan vositachilik haqlari undirilishi mumkin.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkdan foydalanish va uni saqlash qoidalari, shuningdek mazkur mol-mulkni asrash majburiyatlari ipotekaga qo‘yuvchi tomonidan qo‘pol ravishda buzilgan hamda bunday qoidabuzarlik garovga qo‘yilgan mol-mulkning yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfini keltirib chiqargan taqdirda, shuningdek garovga qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatlar buzilgan yoxud ipotekaga oluvchiga garovga qo‘yilgan mol-mulkni tekshirishi asossiz ravishda rad etilgan taqdirda, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli. Agar bunday talabni qanoatlantirish rad etilsa, ipotekaga oluvchi undiruvni qonunchilikda belgilangan tartibda ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishga haqli.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi, agar bunday shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ipotekaga qo‘yuvchining zimmasida bo‘ladi.
Agar ipotekaga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlarga ko‘ra garovdagi mol-mulk yo‘qolgan yoki majburiyatni ipoteka bilan ta’minlash jiddiy tarzda yomonlashgan darajada shikastlangan bo‘lsa, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishini, shu jumladan sug‘urta tovoni hisobidan bajarilishini talab qilishga haqli.
Agar ipotekaga oluvchi bilan ipotekaga qo‘yuvchi o‘rtasida nobud bo‘lgan yoki shikastlangan garovga qo‘yilgan mol-mulkni tiklash yoxud almashtirish to‘g‘risida kelishuv tuzilgan va ipotekaga qo‘yuvchi bu kelishuv shartlarini lozim darajada bajarayotgan bo‘lsa, ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyatning muddatidan oldin bajarilishiga doir huquqlarni amalga oshira olmaydi.