Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 51843 marta o'qildi

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish er va xotindan birining talabiga ko‘ra, ular nikohda bo‘lgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni bo‘lish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.


Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida bo‘lib olinishi mumkin. Er va xotinning xohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi o‘zaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanishi mumkin.

Er va xotinning umumiy mol-mulkini sud tartibida bo‘lish

Umumiy mol-mulkni bo‘lishda sud er va xotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (xotin)ga unga qarashli ulushdan oshiq qiymatga ega bo‘lgan mol-mulk beriladigan hollarda, xotin (er)ga tegishli pul yoki o‘zga kompensatsiya belgilanishi mumkin.

Oilaviy munosabatlar tugatilganda, sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining o‘z mulki deb topishi mumkin.

Voyaga etmagan bolalar ehtiyojini qondirish uchun olingan buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) bo‘linmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi.

Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan o‘rtadagi voyaga etmagan bolalar nomiga qo‘yilgan omonatlar o‘sha bolalarga tegishli hisoblanib, er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish paytida e’tiborga olinmaydi.

Er va xotinning umumiy mol-mulki ular nikohda turgan davrda bo‘lingan taqdirda, er va xotin mol-mulkining bo‘linmay qolgan qismi, shuningdek er va xotin tomonidan ular nikohda turgan davrda orttirilgan mol-mulk keyinchalik ularning birgalikdagi umumiy mulkini tashkil qiladi.

Nikohdan ajralgan er va xotinning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi talablariga nisbatan 3 yillik da’vo muddati qo‘llaniladi.

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda ulushlarni aniqlash:

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.

Sud voyaga etmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va xotindan birining e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotin uzrsiz sabablarga ko‘ra daromad olmagan bo‘lsa yoxud er va xotinning umumiy mol-mulkini oila manfaatlariga zarar etkazgan holda sarflagan bo‘lsa, er va xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir.

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda er va xotinning umumiy qarzlari ularga belgilangan ulushlarga mutanosib ravishda har ikkalasi o‘rtasida taqsimlanadi.

Agar er va xotindan biri umumiy mol-mulkni er yoki xotinning erkiga zid ravishda va oila manfaatiga mos bo‘lmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra sarflagan yoki boshqa shaxsga o‘tkazgan bo‘lsa, uni bo‘lishda bu mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi.

Notariusga murojaat qilish tartibi bilan havolada tanishing.

Chat