Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 98173 marta o'qildi

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish asoslari

Ota-ona yoki ulardan biri quyidagi hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin:

  • ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;
  • uzrsiz sabablarga ko‘ra bolasini tug‘uruqxona, davolash, tarbiya yoki ijtimoiy himoya muassasasidan olishdan bosh tortsa;
  • ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa;
  • bolaga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy tazyiq o‘tkazsa;
  • muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lsa;
  • bolasining yoki eri (xotini)ning hayoti yoxud sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir etsa.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Da’vo ota yoki ona, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, prokuror, vasiylik va homiylik organi, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muassasalari hamda bola huquqlarini himoya qilish vazifasi yuklatilgan boshqa organ yoki muassasalar tomonidan kiritilishi mumkin.

Ish prokuror va vasiylik hamda homiylik organi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Sud bir vaqtning o‘zida bolaning ta’minoti uchun aliment undirish masalasini ham hal qiladi.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish oqibatlari

Ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxs:

  • bolani tarbiyalash va uning manfaatlarini ifoda etish huquqidan;
  • boladan kelgusida ta’minot olish huquqidan;
  • bolali fuqarolar uchun belgilangan imtiyoz va nafaqalarni olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Biroq u bolani moddiy ta’minlash va aliment to‘lash majburiyatidan ozod qilinmaydi.

Bola esa turar joyga bo‘lgan mulk yoki undan foydalanish huquqini, shuningdek ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan tug‘ishganlikka asoslangan mulkiy huquqlarini, jumladan meros olish huquqini saqlab qoladi.

Muhim! Ota-onalik huquqidan mahrum qilish ota-ona va bola o‘rtasidagi qarindoshlik faktini bekor qilmaydi hamda ota-onani aliment to‘lashdan ozod etmaydi.

Agar bolani ikkinchi ota-onaga berish imkoni bo‘lmasa yoki ota-onaning har ikkalasi huquqdan mahrum qilinsa, bola vasiylik va homiylik organi qaramog‘iga beriladi.

Bolani farzandlikka olishga ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi sud qarori chiqarilganidan keyin kamida olti oy o‘tgach yo‘l qo‘yiladi.

Ota-onalik huquqini tiklash

Ota-ona o‘z xulq-atvorini, turmush tarzini va bola tarbiyasiga munosabatini o‘zgartirgan bo‘lsa, uning ota-onalik huquqi tiklanishi mumkin.

Huquqni tiklash ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxsning da’vosi asosida sud tartibida amalga oshiriladi. Ishda prokuror va vasiylik hamda homiylik organi ishtirok etadi. Da’vo bilan birga bolani ota-onaga qaytarish talabi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Sud tiklash bolaning eng ustun manfaatlariga zid, deb hisoblasa, bolaning fikrini inobatga olib da’voni rad etishi mumkin.

O‘n yoshga to‘lgan bolaga nisbatan ota-onalik huquqini tiklashga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Agar bola farzandlikka olingan va farzandlikka olish bekor qilinmagan bo‘lsa, huquqni tiklash mumkin emas.

Tartib O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 79–82-moddalari bilan belgilangan.

Chat