Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9 marta o'qildi

Mehnat intizomi tashkilotda ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlaydigan ichki mehnat tartibi qoidalari bilan belgilanadi. Ayrim tashkilotlar (masalan temir yo‘l xodimlari) uchun mehnat tartibi qoidalari uchun ustavlar amal qiladi.

Ichki mehnat tartibi qoidalarida mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish tartibi, mehnat intizomi va javobgarlik, ish va dam olish vaqti, mehnat shartnomasini bajarish bilan bog‘liq nizolarni hal etish tartibi bo‘lishi lozim.

Ichki mehnat tartibi qoidalari ko‘rinarli joyga osib qo‘yilishi lozim.

Xodimning mehnat vazifalari, burchlari

Xodimning vazifalari ichki tartib qoidalarida, intizom to‘g‘risidagi ustav va nizomlarda, korxonada qabul qilinadigan lokal hujjatlarda (jamoa shartnomalarida, yo‘riqnomalar va hokazolarda), mehnat shartnomasida aniq belgilab qo‘yiladi.

Xodimning burchlari:

  • o‘z mehnat vazifalarini halol, vijdonan bajarishi;
  • mehnat intizomiga rioya qilishi;
  • ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini o‘z vaqtida va aniq bajarishi;
  • texnologiya intizomiga, mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi talablariga rioya qilishi;
  • ish beruvchining mol-mulkini avaylab asrashi shart.

Ish beruvchining vazifalari va burchlari

Ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki hayot va sog‘liq uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas.

Ish beruvchining burchlari:

  • xodimlar mehnatini tashkil qilishi;
  • zarur mehnat sharoitlarini yaratib berishi;
  • mehnat va ishlab chiqarish intizomini ta’minlashi;
  • mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etishi;
  • xodimlarning ehtiyoj va talablariga e’tibor bilan qarashi;
  • xodimlarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borishi;
  • jamoa shartnomalarini tuzishi shart.

Mehnat munosabatlari davomida etkazilgan moddiy zararni qoplash

Ish beruvchi yoki xodim o‘zining g‘ayrihuquqiy aybli xulq-atvori (harakati yoki harakatsizligi) natijasida boshqa tarafga etkazgan zarari uchun moddiy javobgar bo‘ladi.

Bunda har bir tomoni o‘ziga etkazilgan moddiy zararning miqdorini isbotlab berishi shart.

Zarar etkazilganidan keyin xodimning ishdan bo‘shab ketganligi taraflarini moddiy javobgarlikdan ozod qilishga sabab bo‘lmaydi.

Chat