Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 134102 marta o'qildi

Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning FHDYo organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi.        

  • Uzrli sabablar bo‘lganda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga etmaganning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi — emansipatsiya) FHDYo organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berishi mumkin.
  • Alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin.
  • Nikohni qayd etish muddatini uzaytirish nikoh tuzuvchilarning birgalikdagi arizalariga binoan ko‘rib chiqiladi. Ayrim hollarda etarli asoslar bo‘lgan taqdirda, shuningdek FHDYo organining tashabbusi bilan ushbu muddat uch oygacha uzaytirilishi mumkin.           
  • Ushbu xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin.

Nikoh yoshi
  • Nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.
  • Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga etmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga asosan nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga etmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, nikoh yoshiga etmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
  • Shuningdek, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar
  • loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida;
  • nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida;
  • loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida yo‘l qo‘yilmaydi.

Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish
  • Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rigi ularning yashash joyidagi psixiatr vrachlar, narkologlar, teri-tanosil kasalliklari vrachlari, ftiziatrlar (dispanser va tuman kabinetlari) tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazish uchun asos hisoblanadigan FHDYo organlari tomonidan berilgan yo‘llanma bo‘yicha bepul o‘tkaziladi.
  • Nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa, shuningdek alohida hollarda (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) ushbu shaxslar tibbiy ko‘rikdan faqat ularning roziligiga ko‘ra o‘tkaziladi.

Nikohni qayd etish joyi
  • Nikoh nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar bu to‘g‘rida belgilangan namunadagi ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy o‘tgach ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan qayd etiladi.
  • Alohida hollarda, istisno tariqasida (agar ota-onasi va nikohga kirayotgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasining turli hududlarida yoxud uning tashqarisida yashab turgan bo‘lsalar) nikohlanuvchi shaxslarning iltimosi va otasi yoki onasining yozma arizasiga ko‘ra nikoh ota-onasining yoki ulardan birining yashash joyidagi FHDYo organida ham qayd etilishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslar bilan nikohni qayd etish
  • Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan shaxslar bilan nikohni qayd etish shu muassasa joylashgan hududdagi FHDYo organlari tomonidan amalga oshiriladi.
  • Mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs, nikohga kirish haqidagi arizaning o‘ziga taalluqli qismini to‘ldirib o‘zi doimiy yashayotgan yoki jazoni ijro etish muassasasi joylashgan hududdagi FHDYo organiga topshiradi.
  • FHDYo organi arizada keltirilgan ma’lumotlarni ariza beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati bilan solishtirib, ma’lumotlarning to‘g‘riligini va arizachining imzosini tasdiqlaydi va unga arizani qaytaradi.
  • Shundan so‘ng mahkum bilan nikohga kirishni xohlovchi shaxs bu arizani mahkumga berishi uchun jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga topshiradi.
  • Jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati arizani tegishli joyini to‘ldirish uchun mahkumga taqdim etadi. Mahkum bilan nikohni qayd etish FHDYo organi bilan kelishilgan holda jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyati tomonidan ajratilgan binoda nikohga kiruvchi shaxslarning ishtirokida amalga oshiriladi.

Nikohni tantanali qayd etish
  • FHDYo organi nikohni qayd etish vaqtini belgilayotganda nikohdan o‘tuvchilardan uni tantanali vaziyatda, shu jumladan joyiga borgan holda o‘tkazilishiga roziligini aniqlashi lozim. Tantanali ravishda qayd qilish yoki joylarga chiqqan holda qayd qilish faqat nikoh tuzuvchilarning xohishlariga ko‘ra joyiga borgan holda o‘tkaziladi. Nikohlanuvchi shaxslarning istaklariga binoan nikoh ularning qarindoshlari va tanishlari ishtirokida qayd etiladi.

Nikoh tuzilganligi haqida takroriy guvohnoma va ma’lumotnomalar berish
  • Nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnomalar dalolatnoma yozuvi qayd etilgan tegishli shaxslarning o‘zlariga yoki ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga beriladi.
  • Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, nikohlangan yoki ajrashgan shaxslarning ota-onalari va farzandlariga ularning arizasi asosida nikoh tuzilganligi yoki nikohdan ajralganlik qayd etilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.
  • Chet elda yashovchi fuqaro tomonidan berilgan hamda chet tilida tuzilgan ishonchnoma belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan yoki apostilь qo‘yilgan bo‘lishi lozim.

Nikohni qayd etganlik uchun davlat boji undiriladi.


Foydali havolalar

Nikohni qayd etish uchun FHDYo organiga ariza yuborish uchun quyidagi havolaga o‘ting.

Nikoh qayd etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olish uchun quyidagi havolaga o‘ting.

FHDYo organi qabuliga yozishi uchun quyidagi havolaga o‘ting.

Chat