Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 105293 marta o'qildi

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirishi yoki qayta tiklashda ta’lim yo‘nalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi.

  • Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.
  • Oliy ta’limning turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Vakolatli tashkilotlar

Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash:

  • oliy ta’lim muassasalari;
  • tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;
  • ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Rektor buyrug‘i asosida ko‘chirish va qayta tiklash

Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Vazirlik qarori asosida ko‘chirish va qayta tiklash

Quyidagi hollarda o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:

  • oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
  • oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga.

Davlat komissiya qarori asosida ko‘chirish va qayta tiklash

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash davlat komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:

  • xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga;
  • bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik yoki idora yoxud turli vazirliklar va idoralar tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga va istisno tariqasida mos bo‘lmagan mutaxassisliklariga.

O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklashni rad etish

Quyidagi holatlar o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobi berilishiga asos bo‘ladi:

  • xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;
  • respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
  • oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
  • birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda o‘qishni ko‘chirishga (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar, o‘qigan ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmaganda ko‘chirib tiklash holatlari bundan mustasno);
  • oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;
  • namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
  • talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
  • oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklashda davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;
  • oliy ta’lim muassasasi moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;
  • maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishi yoki ta’lim shakliga, boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
  • kechki (smenali) ta’limdan sirtqi (maxus sirtqi) ta’limga kechki (smenali) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
  • sirtqi (maxus sirtqi) ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi (maxus sirtqi) ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
  • bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga hamda maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga;
  • talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan bo‘lsa (mazkur qo‘shma dasturning o‘zi bundan mustasno);  
  • qonun hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish quyidagicha amalga oshiriladi:

  • o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar amalga oshiriladi;
  • arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiya tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 5-avgustdan 30-avgustga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish quyidagi sabablar bo‘lganda bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda:

  • o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar;
  • o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;
  • pasportning nusxasi.

O‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi.

Akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab talabaga stipendiya to‘lanadi.

O‘qishga qayta tiklash haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish

O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda 2-marta amalga oshiriladi:

  • o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar;
  • o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 yanvardan 25-yanvarga qadar davom etadi.

Qayta tiklash bo‘yicha qaror qabul qilish:

  • kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5-avgustdan 30-avgustga qadar;
  • bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar safidan chetlashtirilgan fuqarolar o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi)ga ko‘chirib tiklash to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega. Bunda arizaga o‘qishni ko‘chirish tartibidagi hujjatlar taqdim etiladi.

Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan etimlar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan shaxslar, davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilgan va belgilangan muddatda qaytgan talabalar istisno tariqasida o‘qishga (muayyan kursga) davlat grantlari o‘rinlariga qayta tiklanishi mumkin.

O‘qishdan chetlashtirilgan (kursdan qoldirilgan) o‘quv yilida kursiga talabani o‘qishga qayta tiklashga (ko‘chirib tiklashga) yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabani boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirib qayta tiklashda uning ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi roziligi talab etilmaydi.

Talabalarni o‘qishdan chetlatish

Talaba oliy ta’lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:

  1. o‘z xohishiga binoan;
  2. o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
  3. o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq qoidalarini buzganligi uchun;
  4. bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
  5. o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
  6. talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
  7. sud qaroriga ko‘ra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
  8. vafot etganligi sababli.
  • Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida hamda oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun talabaga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda akademik ta’til berilishi mumkin.

Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini quyi kursdagi o‘quv semestri boshidan boshlashi mumkin.

Belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo‘lgan) talaba oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi.

O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Chat