Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19270 marta o'qildi

Elektr ta’minotini rasmiylashtirish

Elektr energiyasi iste’molchiga elektr ta’minoti shartnomasi asosida etkazib beriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra shartnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi va iste’molchiga elektron hujjat aylanishi tizimi orqali taqdim etiladi.

Maishiy iste’molchi elektr tarmog‘iga belgilangan tartibda birinchi marta amalda ulangan paytdan boshlab u bilan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Tarif o‘zgarishi haqida xabardor qilish

Elektr energiyasi uchun tariflar o‘zgarganda, ta’minotchi bu haqda yangi tariflar kuchga kirishidan kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari orqali xabar berishi lozim.

Tarif o‘zgarishi elektr ta’minoti shartnomasini bekor qilmaydi. Iste’mol qilingan elektr energiyasiga yangi tarif u kuchga kirgan sanadan boshlab qo‘llaniladi.

Oldindan to‘langan elektr energiyasi

Tarif o‘zgarguniga qadar elektr energiyasi uchun avans to‘lagan iste’molchilar:

  • maishiy iste’molchilar — ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
  • boshqa iste’molchilar — bir oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga

avans bilan qoplangan elektr energiyasi hajmi uchun qo‘shimcha to‘lovdan ozod etiladi.

Imtiyoz faqat avans bilan qoplangan hajmga nisbatan amal qiladi. Ushbu hajmdan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi yangi tarif bo‘yicha hisoblanadi.

Qoidabuzarlikni rasmiylashtirish

Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish yoki hisobga olish tizimiga aralashish aniqlanganda qoidabuzarlik to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Dalolatnomada:

  • iste’molchi va ob’ekt haqidagi ma’lumotlar;
  • hisoblagichning rusumi, raqami va ko‘rsatkichlari;
  • plombalar holati;
  • aniqlangan qoidabuzarlik;
  • foto, video va boshqa tasdiqlovchi ma’lumotlar;
  • tekshiruvda ishtirok etgan shaxslar ko‘rsatiladi.

Dalolatnomaning bir nusxasi iste’molchiga beriladi. Hisobga olinmagan elektr energiyasi miqdori “E-dalolatnoma” elektron tizimi orqali uch ish kunida hisoblanib, ta’minotchining dasturiy bazasiga kiritiladi.

Elektr tarmog‘idan uzish

Hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazilgani, tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanilgani yoki elektr energiyasidan boshqa noqonuniy usulda foydalanilgani aniqlansa, elektr ta’minoti to‘xtatilishi mumkin.

Biroq arifmetik xato, noto‘g‘ri tarif qo‘llanilishi, hisoblagichning iste’molchi aybisiz buzilishi kabi texnik xato va kamchiliklar noqonuniy foydalanish deb baholanmaydi. Bunday holatda haqiqiy iste’mol bo‘yicha iste’molchi yoki ta’minotchi foydasiga qayta hisob-kitob qilinadi.

Muhim: har qanday hisoblagich nosozligi iste’molchini qoidabuzar deb topish uchun asos bo‘lmaydi. Iste’molchining aybi va hisobga olish tizimiga aralashuv tegishli dalillar bilan tasdiqlanishi kerak.

Chat