Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 93674 marta o'qildi

Tibbiyot xodimlari (vrachlar, farmatsevtika xodimlari, o‘rta tibbiyot va o‘rta farmatsevtika kadrlari) o‘z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishlari shart.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti vrach kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimining bazaviy uslubiy markazidir.

Toshkent Farmatsevtika tibbiyot instituti farmatsevtika kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimining bazaviy uslubiy markazidir.

Malaka oshirish

Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish bevosita (ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish) va bilvosita (qoidaga ko‘ra, ta’lim dasturlarisiz o‘qitish) shakllari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Bevosita shakllar malakani umumiy va mavzuli oshirishni (takomillashtirishni) o‘z ichiga oladi.

Malaka oshirish  mutaxassislik bo‘yicha ish staji kamida 3 — 5 yil bo‘lgan tibbiyot xodimlari uchun tashkil etiladi.

Malaka oshirish mutaxassislikning muayyan bo‘limini qamrab oladigan dastur bo‘yicha amalga oshiriladi va quyidagi maqsadlarni ko‘zlaydi:

  • tibbiyot xodimlarining tor, shu jumladan ularning kasb faoliyatining turdosh sohasidagi malakasini oshirish (aniq mavzu bo‘yicha);
  • kasbiy bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish;
  • yangi davolash-tashxis usullarini o‘zlashtirish;
  • tibbiy dunyoqarashni kengaytirish.

Malaka oshirish buyurtmachi mablag‘lariga shartnoma asosida tashkil etiladi.

Asosiy ishdan ajralgan holda o‘qishda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish bevosita shakllarining jami davomiyligi har 5 yil uchun quyidagi hajmda belgilanadi:

  • vrach kadrlar uchun — kamida 4 hafta (144 soat);
  • farmatsevtika, o‘rta tibbiyot kadrlari va dorishunos kadrlar uchun — kamida 2 hafta (72 soat).

Asosiy ishdan ajralgan va asosiy ishdan ajralmagan holda o‘qishda malaka toifasini olish uchun tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish barcha shakllarining jami majburiy davomiyligi:

  • vrach kadrlar uchun — kamida 8 hafta (288 soat);
  • farmatsevtika, o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar uchun — kamida 4 hafta (144 soat) hajmida belgilanadi.

Qayta tayyorlash

Quyidagilar vrach kadrlarni qayta tayyorlashning asosiy turlari hisoblanadi:

  • birlamchi ixtisoslashtirish — vrachlarni qayta tayyorlash turi bo‘lib, qoidaga ko‘ra, turdosh vrachlik mutaxassisligini olish va keyinchalik tegishli kasbiy faoliyatni bajarish maqsadida kasbiy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yo‘naltiriladi;
  • qo‘shimcha ixtisoslashtirish — qo‘shimcha (mavjud asosiy ixtisosga qo‘shimcha) vrach mutaxassisligini egallash maqsadida yangi kasbiy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan vrachlarni qayta tayyorlash turi hisoblanadi;
  • klinik ordinatura — kadrlarni qayta tayyorlash tizimiga kiradigan ta’lim turi bo‘lib vrachlarning uzluksiz kasbiy ta’limi ko‘p pog‘onali tuzilmasining bir qismi hisoblanadi.

Shaxs vrachlik mutaxassislaridan birini olganligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda, mutaxassislik bo‘yicha kamida 2 yil ish staji mavjud bo‘lganda birlamchi ixtisoslashtirishdan o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.

Birlamchi ixtisoslashtirish muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda vrachlarga o‘tilgan soatlar soni ko‘rsatilgan holda:

  • faqat bazaviy oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lgan shaxslar uchun — sog‘liqni saqlashning ambulator bo‘g‘inida klinik ixtisoslikdagi mutaxassisning bo‘sh lavozimini egallash;
  • magistratura, klinik ordinatura yoki boshqa klinik mutaxassisliklar bo‘yicha internaturani tamomlagan shaxslar uchun — ham sog‘liqni saqlashning ambulator, ham statsionar bo‘g‘inlarida qo‘shimcha egallangan mutaxassislik bo‘yicha mutaxassisning bo‘sh lavozimini egallash huquqini beradigan belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Magistratura, klinik ordinatura yoki internatura orqali asosiy mutaxassislikka ega bo‘lgan vrachlar qo‘shimcha ixtisoslashtirishdan o‘tishga qo‘yiladi.

Qo‘shimcha ixtisoslashtirish muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda vrachlarga o‘tilgan o‘quv soatlari soni ko‘rsatilgan holda sog‘liqni saqlashning ambulator va statsionar bo‘g‘inlarida tegishli mutaxassisning bo‘sh lavozimni egallash huquqini beradigan belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.

Vrachlarning birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashuvi asosiy ishdan ajralgan holda to‘lov-kontrakt asosida o‘qish sharti bilan, guruhlarda va yakka tartibda amalga oshiriladi.

Vrachlarning birlamchi va qo‘shimcha ixtisoslashuvining davomiyligi, qoidaga ko‘ra, 1 oydan 12 oygachani (144 — 1728 soat) tashkil etadi.

Vrachning ish stajida 3 yil va undan ortiq tanaffuslar bo‘lgan taqdirda (ijtimoiy ta’tillar, tibbiyot mutaxassisligi uchun ixtisosli bo‘lmagan ish, uzoq vaqt kasal bo‘lish, nogironlik va hokazolar) vrach o‘zining kasbiy faoliyati tiklanishidan oldin bazaviy (umumiy amaliyot vrachi, umumiy amaliyot vrachi-pedagogi, umumiy pediatr, umumiy stomatolog, umumiy gigienist-epidemiolog), oldingi yillarda uni egallaganlik to‘g‘risidagi hujjat bilan tasdiqlanadigan asosiy yoki qo‘shimcha ixtisoslikka muvofiq ixtisoslashish kurslaridan o‘tishi shart.

Klinik ordinatura

Vrachlarni klinik ordinaturada o‘qitish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan vrachlik mutaxassisliklari nomenklaturasi bo‘yicha, mutaxassisga qo‘yiladigan ixtisoslik talablari asosida tuzilgan har qaysi mutaxassislik bo‘yicha o‘quv rejasi va o‘quv dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.

Klinik ordinatura bitiruvchilariga o‘qish jarayonida olingan mutaxassislik bo‘yicha amaliy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.

O‘qish jarayoni davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Klinik ordinaturaga tayanch oliy tibbiy ma’lumot vrachlar, shuningdek ilgari klinik ordinaturani yoki magistraturani tamomlagan hamda ixtisosidan tashqari ikkinchi mutaxassislikni olishni xohlagan mutaxassislar qabul qilinadi.

Vrachlarni ikkinchi tor mutaxassislik bo‘yicha klinik ordinaturaga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Klinik ordinaturaga qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi. Tanlov sinovlari yiliga bir marta, qoidaga ko‘ra, avgustning oxirgi 10 kunligida o‘tkaziladi.

Klinik ordinaturaga qabulni o‘tkazish uchun respublika ommaviy axborot vositalarida tanlov e’lon qilinadi, arizalar berish muddati e’lon chop etilgan kundan boshlab kamida 30 kun.

Tanlov komissiyasining xulosasi asosida klinik ordinaturaga qabul qilish muassasa rahbarining buyrug‘i bilan har yili 10 sentyabrgacha amalga oshiriladi.

Klinik ordinaturada o‘qitish kunduzgi shaklda, asosiy ish joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi.

O‘qitish muddati, qoidaga ko‘ra, kamida 2 yilni tashkil qiladi va mutaxassisning malaka tavsifnomasini hisobga olgan holda tuzilgan o‘quv dasturi bilan belgilanadi.

Klinik ordinaturadagi o‘qish muddati mutaxassislik bo‘yicha vrachlik mehnat stajiga qo‘shiladi.

Klinik ordinatorlar o‘qitish vaqtida vrachlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni bajarishga jalb etilishi mumkin emas.

Klinik ordinaturani muvaffaqiyatli tugatgan shaxslarga guvohnoma belgilangan beriladi, u olingan vrachlik mutaxassisligi bo‘yicha kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradi.

Guvohnomada mutaxassislikni o‘zlashtirish darajasining o‘rtacha umumiy bahosi ko‘rsatiladi.

O‘qitishning ikkinchi yilidagi ta’lim dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan klinik ordinatorlar rahbarlarining yozma tavsiyanomasi asosida mehnat shartnomasi bo‘yicha soha bo‘limlarida tungi navbatchilik qilish yoki o‘qishdan tashqari vaqtda mutaxassisligi bo‘yicha ishlash huquqiga egadirlar.

Chat