Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 40103 marta o'qildi

Servitut instituti bo‘yicha 5 ta muhim o‘zgarish

O‘zganing er uchastkasidan foydalanish (servitut)

Servitut — boshqa shaxsga tegishli er uchastkasidan belgilangan maqsadda cheklangan tarzda foydalanish huquqidir.

Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:

  • boshqa er uchastkasiga piyoda yoki transport vositasida o‘tish;
  • elektr uzatish va aloqa liniyalari, quvurlar, irrigatsiya, muhandislik hamda boshqa tarmoqlarni o‘tkazish va ulardan foydalanish;
  • ekinzorlar va qishloq xo‘jaligi hayvonlarini sug‘orish uchun suv olish;
  • qishloq xo‘jaligi hayvonlarini boshqa er uchastkasi orqali haydab o‘tish;
  • ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilish ob’ektlarini barpo etish;
  • qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa maqsadlarda.

Muhim: servitut belgilanishi er egasi, erdan foydalanuvchi, ijarachi yoki mulkdorni er uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan mahrum qilmaydi.

Servitutni belgilash

Servitut manfaatdor shaxs bilan er uchastkasining egasi, foydalanuvchisi, ijarachisi yoki mulkdori o‘rtasidagi yozma shartnoma asosida belgilanadi.

Kelishuvga erishilmasa, servitut sud qarori asosida belgilanishi mumkin.

Servitut shartnomasida kamida quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • er uchastkasining kadastr raqami;
  • servitutni belgilash maqsadi va asoslari;
  • shartnoma taraflari haqidagi ma’lumotlar;
  • servitutning amal qilish muddati;
  • servitut uchun haq miqdori, agar haq belgilangan bo‘lsa;
  • taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
  • servitut tugaganidan keyin er uchastkasini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Servitut ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Shaxs er uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab ega bo‘ladi.

Er uchastkasi boshqa shaxsga o‘tganda ham belgilangan servitut saqlanib qoladi.

Servitut alohida sotilishi, hadya qilinishi, garovga qo‘yilishi yoki ijaraga berilishi mumkin emas.

Servitut uchun haq

Servitut haq evaziga yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra haq undirilmasdan belgilanishi mumkin. Haq belgilangan bo‘lsa, uning miqdori va to‘lash tartibi shartnomada ko‘rsatiladi.

Servitut kimning manfaatini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs:

  • er uchastkasidan faqat belgilangan maqsadda foydalanishi;
  • belgilangan haqni o‘z vaqtida to‘lashi;
  • etkazilgan zararning o‘rnini qoplashi;
  • servitut tugagach, er uchastkasini yaroqli holatga keltirishi shart.

Ommaviy servitut

Jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut manfaatdor tashkilotning murojaati asosida viloyat yoki Toshkent shahar hokimi qarori bilan belgilanishi mumkin.

Ommaviy servitut, jumladan:

  • geologiya, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini o‘tkazish;
  • umumiy foydalanishdagi elektr, aloqa, quvur, ichki sug‘orish va muhandislik tarmoqlarini o‘tkazish va ulardan foydalanish uchun belgilanadi.

Ommaviy servitut to‘g‘risidagi qarorning o‘zi qurilish-montaj ishlarini boshlash huquqini bermaydi. Buning uchun qurilish sohasidagi tegishli ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish zarur.

Servitutni bekor qilish

Servitut quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:

  • taraflarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra;
  • ishtirokchilardan birining asoslangan talabi bo‘yicha;
  • servitutdan kamida uch yil foydalanilmaganda;
  • uning amal qilish muddati tugaganda;
  • servitutni belgilash asoslari o‘z ahamiyatini yo‘qotganda;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Nizo mavjud bo‘lsa, servitut sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Chat