Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 46351 marta o'qildi

O‘zbekistondan chiqish uchun qanday hujjatlar kerak?

Chet el fuqarosi O‘zbekistondan davlat chegarasidagi belgilangan o‘tkazish punktlari orqali:

  • amaldagi milliy pasport yoki harakatlanish hujjati;
  • amaldagi viza yoki vizasiz bo‘lish huquqi;
  • zarur bo‘lsa, chiqish yoki tranzit vizasi

asosida chiqib ketadi.

Shaxs O‘zbekistonda bo‘lish uchun berilgan muddat tugamasdan mamlakatdan chiqib ketishi kerak.

Viza muddati o‘tib ketgan bo‘lsa nima qilish kerak?

Chiqish vizasi — EXIT — kirish vizasining amal qilish muddatini o‘tkazib yuborgan chet el fuqarosining O‘zbekistondan chiqib ketishi uchun beriladigan viza.

Chiqish vizasi ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari tomonidan 1 oygacha muddatga rasmiylashtirilishi mumkin.

Viza yoki vizasiz bo‘lish muddatining o‘tkazib yuborilishi qonunchilikda belgilangan javobgarlikni istisno qilmaydi.

16 yoshga to‘lgan bolaning chiqishi

Agar vizasiz kirgan xorijiy bola O‘zbekistonda turgan vaqtida 16 yoshga to‘lsa, unga chiqish vizasi ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish bo‘linmalari tomonidan rasmiylashtiriladi.

Tranzitda majburiy to‘xtash yuz bersa

O‘zbekiston hududida 24 soatdan oshmagan muddatga majburiy to‘xtagan chet el fuqarosiga tranzit vizasini uzaytirmasdan mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat berilishi mumkin.

Tranzit yo‘lovchi belgilangan harakat yo‘nalishini yoki O‘zbekistondan chiqish chegara punktini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, ichki ishlar organlarining ruxsatini olishi shart.

O‘zbekistondan chiqish qachon cheklanishi mumkin?

Chet el fuqarosining mamlakatdan chiqishiga quyidagi hollarda vaqtincha ruxsat berilmasligi mumkin:

  • uning chiqishi davlat xavfsizligi manfaatlariga zid bo‘lganda;
  • doimiy yashash uchun chet elga ketishiga to‘sqinlik qiluvchi shartnoma yoki kontrakt majburiyatlari mavjud bo‘lganda;
  • shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganda;
  • u jinoyat sodir etganligi uchun jazoga hukm qilinganda;
  • sud yuklagan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortganda;
  • o‘zi haqida qasddan soxta ma’lumot berganda;
  • sudda unga nisbatan fuqarolik da’vosi qo‘zg‘atilganda.

Cheklov tegishli asos bartaraf etilguniga, ish yoki sud jarayoni yakunlanguniga yoxud majburiyat to‘liq bajarilguniga qadar amal qiladi.

Chiqish rad etilsa shikoyat qilish mumkinmi?

Chiqish huquqining cheklangani yoki murojaatga belgilangan muddatda javob berilmagani ustidan yuqori turuvchi organga shikoyat qilish mumkin.

Yuqori turuvchi organ shikoyatga bir oydan kechiktirmay javob berishi kerak. Qarordan norozi shaxs sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Doimiy yashash uchun chiqib ketishga to‘sqinlik qiluvchi shartnoma yoki kontrakt majburiyatlari bilan bog‘liq cheklov bo‘yicha alohida qoida belgilangan.

Chat