Ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga har yili amalga oshiriladigan uy-joy dasturlari doirasida, imtiyozli ipoteka krediti asosida ajratiladi.
Ariza beruvchi «labor migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti yoki uning nomidan murojaat qiluvchi oila a’zosi bo‘lishi mumkin.
Ariza beruvchi doimiy yashash joyidagi tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi talabgorlarni tanlash bo‘yicha komissiyaga belgilangan shakldagi so‘rovnoma-ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga, jumladan, quyidagilar ilova qilinadi:
Arizalar kelib tushgan navbat bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Dasturda ishtirok etish uchun belgilangan oxirgi sanadan keyin berilgan arizalar qabul qilinmaydi.
Komissiya arizani hujjatlar qabul qilishning oxirgi sanasi tugaganidan keyin 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Talabgorning uy-joy sharoiti o‘rganiladi va ijtimoiy ustuvorligi belgilangan mezonlar bo‘yicha baholanadi.
Yozma tavsiya birinchi navbatda eng yuqori ball to‘plagan talabgorlarga beriladi. Komissiya ariza va uy-joy sharoitini o‘rganish natijasida yozma tavsiya berish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ijobiy qaror qabul qilinsa, yozma tavsiya bir ish kuni ichida ikki nusxada beriladi. Rad etilganda ham bir ish kuni ichida rad etishning aniq sabablari va kamchiliklarni bartaraf etish muddati ko‘rsatilgan yozma xabarnoma topshiriladi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun berilgan muddat besh ish kunidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Yozma tavsiyaning bir nusxasi dastlabki shartnoma tuzish uchun injiniring kompaniyasi filialiga, ikkinchi nusxasi ipoteka krediti olish uchun ishtirok etuvchi tijorat bankiga taqdim etiladi.
Bankka yozma tavsiya, ipoteka krediti olishga buyurtmanoma, talabgor va birgalikda qarz oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari, dastlabki badal joylashtirilganligi haqida ma’lumotnoma hamda dastlabki shartnoma nusxasi taqdim etiladi.
Bank talabgorning ijtimoiy ustuvorligi bilan birga uning kreditga layoqliligini ham mustaqil baholaydi. Shu sababli komissiyaning yozma tavsiyasi ipoteka krediti albatta ajratilishini anglatmaydi.
Kredit berish rad etilgan shaxs keyingi yilda komissiyadan yangi yozma tavsiya olganidan so‘ng qayta murojaat qilishi mumkin. Komissiya yoki bank qarori yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda, shu jumladan sudga shikoyat qilish mumkin.