Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19328 marta o'qildi

1-misol. O‘lchami to‘g‘ri kelmagan poyabzalni almashtirish

Savol: Bolaga olingan yangi tufli uyda kiyib ko‘rilganda kichik keldi. Uni kattaroq o‘lchamga almashtirish mumkinmi?

Javob: Agar poyabzal maqbul sifatli bo‘lsa, iste’molchi uni xarid qilgan kundan boshlab 10 kun ichida ayni shunday tovarga almashtirish huquqiga ega.

Buning uchun tovar:

  • amalda ishlatilmagan;
  • tovar ko‘rinishi saqlangan;
  • iste’mol xususiyatlari va yorliqlari buzilmagan;
  • mazkur sotuvchidan xarid qilingani tasdiqlanadigan bo‘lishi lozim.

Tegishli o‘lcham sotuvda bo‘lmasa, iste’molchi tovarni qaytarib, to‘langan pulni talab qilishi mumkin.

2-misol. Sifatsiz dori vositasi

Savol: Dorixonada «sotilgan dorilar qaytarilmaydi» degan yozuv bor. Sifatsiz dori ham qaytarilmaydimi?

Javob: Dorixonadan sotib olingan maqbul sifatli dori vositasi, qoida tariqasida, qaytarilmaydi yoki boshqa doriga almashtirilmaydi.

Biroq sifatsiz, qalbakilashtirilgan yoki qonun talablariga javob bermaydigan dori vositasini realizatsiya qilish taqiqlangan. Shu sabab «dorilar qaytarilmaydi» degan qoida iste’molchining sifatsiz yoki g‘ayriqonuniy realizatsiya qilingan tovar bo‘yicha huquqlarini bekor qilmaydi.

3-misol. Nuqsonli yangi avtomobilь

Savol: Yangi avtomobilda jiddiy texnik nuqsonlar aniqlandi. Uni boshqa yangi avtomobilga almashtirish mumkinmi?

Javob: Avtomobilь uchun maxsus qoida amal qiladi. Kafolat muddati davomida avtomobilь kuzovini yoki kamida 2 ta agregatini almashtirish zarur deb topilsa, ekspert komissiyasi qarori asosida avtomobilь almashtirilishi mumkin.

Almashtirish:

  • xuddi shunday avtomobilь mavjud bo‘lsa — 7 kun ichida;
  • sifatni qo‘shimcha tekshirish talab etilsa — 20 kun ichida;
  • xuddi shunday avtomobilь mavjud bo‘lmasa — 1 oy ichida amalga oshirilishi lozim.

Avtomobilь bo‘yicha ushbu muddatlar ekspert komissiyasining tegishli qarori qabul qilinganidan boshlab hisoblanadi.

4-misol. Rangi yoqmagan mebelь to‘plami

Savol: Yangi mebelь sifatli, ammo rangi uy interьeriga mos kelmadi. Uni almashtirish mumkinmi?

Javob: Maqbul sifatli mebelь garniturlari va komplektlari qaytarilmaydigan yoki boshqa o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Shu sabab faqat rang yoqmagani yoki interьerga mos kelmagani asosida sifatli mebelь garniturini almashtirishni talab qilish mumkin emas.

Agar mebelьda nuqson mavjud bo‘lsa, nuqsonli tovar bo‘yicha boshqa qoidalar qo‘llaniladi.

5-misol. Sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti

Savol: Xarid qilingan go‘sht sifatsiz ekani keyin ma’lum bo‘ldi. Qachongacha do‘konga talab qo‘yish mumkin?

Javob: Chakana savdo qoidalariga muvofiq sifatsiz oziq-ovqat mahsuloti bo‘yicha tegishli talablar xarid qilinganidan keyin 24 soat ichida qo‘yilishi mumkin.

Shu sabab tez buziladigan oziq-ovqat sifati bo‘yicha muammo aniqlansa, sotuvchiga imkoni boricha darhol murojaat qilish kerak. Xaridni va mahsulot holatini tasdiqlovchi chek, foto yoki boshqa dalillarni saqlash maqsadga muvofiq.

Chat