Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 115647 marta o'qildi

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilmoqda | NORMA.UZ

«Yoshlar daftari» jamg‘armasi nima?

«Yoshlar daftari» jamg‘armasi — yoshlarning bandligi, ta’limi, kasb o‘rganishi, davolanishi, ijtimoiy faolligi va boshqa ehtiyojlarini moliyalashtirishga mo‘ljallangan mablag‘lar jamlanmasi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy, tuman va shaharlarda esa alohida tuman (shahar) «Yoshlar daftari» jamg‘armalari faoliyat yuritadi. Ular yuridik shaxs hisoblanmaydi, mablag‘lari alohida g‘azna hisobvaraqlarida saqlanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari qaerdan shakllanadi?

Jamg‘arma mablag‘lari mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari, xalqaro moliya institutlari va donorlar grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik mablag‘lari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Tuman va shaharlardagi mablag‘lar mahallalar o‘rtasida aholi soni, nogironligi bo‘lgan shaxslar soni va Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Mablag‘lar qanday yordamlarga yo‘naltiriladi?

Tuman (shahar) jamg‘armasi mablag‘lari, jumladan:

  • kamida 3 nafar Ijtimoiy reestrdagi oila a’zosi bo‘lgan yoshning bandligi yoki ijtimoiy faolligini ta’minlaydigan loyihaga 60 BHMgacha grant;
  • nogironligi bo‘lgan yoshlarning parasport mashg‘ulotlariga qatnashishi uchun 1 BHMgacha yo‘lkira xarajati;
  • sport va san’at to‘garaklariga muntazam qatnayotgan yoshlarga 10 BHMgacha sport anjomi, maxsus forma yoki musiqa asbobi;
  • haydovchilik kursi uchun 8 BHMgacha subsidiya;
  • kasbiy yoki oliy ta’lim to‘lov-kontraktining 50 foizini, lekin 50 BHMdan oshmagan qismini qoplash;
  • kasb, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari va xorijiy til kurslari uchun 6 oygacha har oy 4 BHMgacha;
  • tanlov, olimpiada va musobaqalarda qatnashish uchun mahalliy bosqichda 4 BHMgacha, xalqaro bosqichda 40 BHMgacha yordamga yo‘naltirilishi mumkin.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga ijara haqining 50 foizi, biroq hududga qarab har oy 2 yoki 3 BHMgacha, 12 oygacha kompensatsiya to‘lanishi mumkin. Muayyan yordamni olish huquqi har bir yordam turining alohida talablari asosida aniqlanadi.

Yordam olish uchun qanday murojaat qilinadi?

Murojaat tegishli elektron davlat xizmati orqali beriladi va «mahalla ettiligi» tomonidan odatda 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Qaror oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinib, natija ariza beruvchiga SMS-xabar va elektron shaxsiy kabinet orqali yuboriladi.

Mablag‘larni sarflash «mahalla ettiligi»ning kollegial qarori asosida tuman yoki shahar hokimligi buxgalteriyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ayrim yordamlar bo‘yicha ijtimoiy shartnoma tuzilishi va unda ta’lim, bandlik, volontyorlik yoki shaxsiy rivojlanishga oid majburiyatlar belgilanishi mumkin.

Jamg‘armada mablag‘ etarli bo‘lmasa nima bo‘ladi?

Ariza ma’qullanganidan keyin 30 kalendarь kun ichida mablag‘ etishmasligi sababli yordam ko‘rsatilmasa, tegishli talabnoma va Kengash qarori asosida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalaridan jamg‘armaga zarur mablag‘ ajratiladi.

Jamg‘arma faoliyati qanday nazorat qilinadi?

Hududiy jamg‘arma mablag‘larini boshqarish uchun Vasiylik kengashi tuziladi. Uning yig‘ilishi har oy kamida bir marta o‘tkaziladi, rais esa jamg‘arma daromadlari va xarajatlari haqida tegishli xalq deputatlari Kengashiga har chorakda hisobot beradi.

Yil oxirida foydalanilmay qolgan mablag‘lar keyingi yilga o‘tkaziladi va mahalliy byudjetga olib qo‘yilmaydi. Ayni yordam boshqa jamg‘arma yoki manba hisobidan berilgan bo‘lsa, uni «Yoshlar daftari» jamg‘armasidan takroran olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Boshqa tegishli maqolalar

Ayollar daftari

Chat