Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14122 marta o'qildi

Eski guvohnomalarning amal qilishi

Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunaga majburiy almashtirish muddatlari yakunlangan.

Barcha eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari 2024-yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas. Transport vositasini boshqarish uchun ularni yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish zarur.

Murojaat qilish usullari

Ariza beruvchi:

  • Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmasiga;
  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Xizmat eksterritorial tamoyil asosida ko‘rsatiladi, ya’ni fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, xizmat ko‘rsatiladigan istalgan hududda murojaat qilishi mumkin.

So‘rovnoma va hujjatlar

Shaxsan murojaat qilinganda so‘rovnoma DYHXX yoki Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan ariza beruvchi nomidan to‘ldiriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda ariza beruvchi so‘rovnomani mustaqil to‘ldiradi.

So‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • eski namunadagi haydovchilik guvohnomasining old va orqa tomoni rasmi;
  • guvohnoma talonining old va orqa tomoni rasmi.

Shaxsga doir ma’lumotlar ID-karta yoki biometrik pasport orqali tekshiriladi. Ariza beruvchi ushbu hujjatdagi raqamli suratdan foydalanishi yoki DYHXX bo‘linmasi yoxud Davlat xizmatlari markazida yangi suratga tushishi mumkin.

Imzo ID-karta yoki biometrik pasportdagi biometrik ma’lumot asosida yoxud kompьyuter yoki mobil telefon orqali elektron shaklda taqdim etiladi.

To‘lov va xizmat muddati

Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunaga almashtirish uchun BHMning 70 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

To‘lov amalga oshirilgani axborot tizimlari orqali avtomatik tasdiqlanadi. Shu sababli bank muassasasining qog‘oz shaklidagi to‘lov kvitantsiyasini alohida taqdim etish talab qilinmaydi.

So‘rovnoma DYHXX organi yoki Davlat xizmatlari markaziga kelib tushganidan keyin 2 ish soati ichida ko‘rib chiqiladi. Ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, guvohnoma chop etishga yuboriladi va tayyor bo‘lgani haqida ariza beruvchiga elektron xabar beriladi.

Guvohnomani olish

Yangi guvohnomani:

  • so‘rovnomada tanlangan DYHXX bo‘linmasi yoki Davlat xizmatlari markazidan shaxsan;
  • qo‘shimcha to‘lov evaziga pochta orqali olish mumkin.

Pochta orqali etkazib berish Toshkent shahri va viloyat markazlarida 1 ish kunida, boshqa hududlarda 2 ish kunida amalga oshiriladi.

Yangi guvohnoma pochta orqali berilganda eski haydovchilik guvohnomasi va uning taloni pochta xodimiga topshiriladi. Ariza beruvchi belgilangan vaqtda manzilda bo‘lmasa, hujjatni pochta bo‘limidan 10 ish kuni ichida olishi mumkin.

Rad etish va takroran murojaat qilish

Quyidagilar rad etish uchun asos bo‘ladi:

  • so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumot ko‘rsatilishi;
  • belgilangan yig‘im to‘lanmasligi;
  • eski guvohnoma yoki uning taloni rasmlari ilova qilinmasligi.

Boshqa asoslar bilan xizmatni rad etish taqiqlanadi.

Ariza beruvchi rad javobini olgan kundan boshlab 30 ish kuni ichida kamchilikni bartaraf etib, yig‘imni qayta to‘lamasdan takroran murojaat qilishi mumkin.

Chat