Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16666 marta o'qildi

Ma’lumotnoma mazmuni

Ma’lumotnoma fuqaroning narkologiya dispanseri hisobida:

  • turishi;
  • turmasligi to‘g‘risidagi rasmiy ma’lumotni tasdiqlaydi.

Ma’lumotnoma ishga joylashish, haydovchilik huquqini olish, litsenziya yoki ruxsatnoma rasmiylashtirish va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda talab qilinishi mumkin.

Murojaat qiluvchilar

Xizmatdan:

  • fuqaroning o‘zi;
  • ota-onasi;
  • eri yoki xotini;
  • bolalari;
  • aka-ukalari va opa-singillari foydalanishi mumkin.

Ishonchli vakil orqali murojaat qilinsa, notarial tasdiqlangan ishonchnoma talab etiladi.

Ariza berish tartibi

Ariza Davlat xizmatlari markaziga shaxsan yoki my.gov.uz orqali elektron shaklda beriladi.

So‘rovnomada:

  • familiya, ism va ota ismi;
  • o‘zgargan bo‘lsa, avvalgi shaxsiy ma’lumotlar;
  • pasport yoki ID-karta ma’lumotlari va JShShIR;
  • yashash manzili;
  • telefon raqami va elektron pochta;
  • ma’lumotnoma olinadigan til ko‘rsatiladi.

Ma’lumotnoma o‘zbek, rus yoki ingliz tilida rasmiylashtirilishi mumkin.

Yig‘im, muddat va natija

Xizmat uchun BHMning 2 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Ma’lumotnoma real vaqt rejimida shakllantiriladi. Elektron hujjat vakolatli organning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi va unga QR-kod qo‘yiladi.

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilgan shaxs ma’lumotnomani elektron yoki qog‘oz shaklida olishi mumkin.

Muhim: narkologiya ma’lumotnomasini olish vaqtida ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi haqidagi ma’lumotnomani ham bir vaqtda buyurtma qilish mumkin. Bunda har ikki xizmat uchun belgilangan yig‘imlar bir yo‘la to‘lanadi.

Xizmatni rad etish

So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilsa yoki yig‘im to‘lanmasa, xizmat rad etiladi. Boshqa sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hujjatlar yoki ma’lumotlarda bartaraf etish mumkin bo‘lgan kamchiliklar aniqlansa, ariza beruvchiga ularni tuzatish uchun 5 ish kuni beriladi.

Vakolatli organ bergan ma’lumotnomada xato aniqlansa, ariza beruvchi 15 kun ichida yig‘im to‘lamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Chat