Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 32729 marta o'qildi

Nima uchun ish beruvchi javobgarligini sug‘urtalashi kerak?

Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish — xodim mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda uning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar etkazilganda ish beruvchining tovon to‘lash majburiyatini sug‘urtalash.

Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xodimlarni mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan ish beruvchilar o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashi shart.

Shartnoma qancha muddatga tuziladi?

Majburiy sug‘urta shartnomasi bir yilga tuziladi.

Agar ish beruvchi faoliyati bir yildan kam muddatga amalga oshirilsa, shartnoma shu faoliyat muddatiga tuziladi.

Sug‘urta puli qanday aniqlanadi?

2026-yil 23-iyundan amal qilayotgan tahrirga ko‘ra, sug‘urta puli ish beruvchining barcha xodimlariga tegishli bir yillik ish haqi miqdori asosida belgilanadi.

Faoliyatni bir yildan ortiq amalga oshirgan ish beruvchi uchun oldingi 12 oydagi, yangi ish beruvchi uchun esa rejalashtirilgan 12 oylik ish haqi hisobga olinadi.

Qaysi holatda to‘lov amalga oshiriladi?

Xodim mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq:

  • mehnatda mayib bo‘lsa;
  • kasb kasalligiga chalinsa;
  • sog‘lig‘iga boshqa tarzda zarar etsa;
  • vafot etsa va ish beruvchining tovon to‘lash javobgarligi yuzaga kelsa, sug‘urta to‘lovi amalga oshirilishi mumkin.

Xodim kimga murojaat qiladi?

Xodim yoki naf oluvchi:

  • ish beruvchiga;
  • sug‘urta polisida ko‘rsatilgan sug‘urtalovchiga murojaat qiladi.

Ish beruvchi xodimlarga sug‘urtalovchi, polis va murojaat tartibi haqida ma’lumot berishi shart.

Ish beruvchi sug‘urta qilmagan bo‘lsa

Sug‘urta shartnomasining mavjud emasligi ish beruvchini xodimga etkazilgan zararni qoplash majburiyatidan ozod qilmaydi.

Majburiy sug‘urta talablarini bajarmaslik qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Chat