Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5578 marta o'qildi

Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha garovga qo‘yilgan mol-mulk, agar ipoteka to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, yo‘qolish va shikastlanish xavfidan sug‘urta qilinishi kerak. Ipoteka to‘g‘risidagi shartnomada garovga qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urta qilish haqida boshqacha shartlar bo‘lmagan taqdirda, ipotekaga qo‘yuvchi bu mol-mulkni yo‘qolish va shikastlanish xavfidan uning to‘liq qiymati bo‘yicha, agar mol-mulkning to‘liq qiymati ipoteka bilan ta’minlangan majburiyat miqdoridan ortiq bo‘lsa, shu majburiyat summasidan kam bo‘lmagan summaga o‘z hisobidan sug‘urta qilishi shart.

Ipotekaga oluvchi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha o‘z talabini, garovga qo‘yilgan mol-mulk kimning foydasiga sug‘urta qilinganligidan qat’i nazar, bevosita garovdagi mol-mulk yo‘qolganligi yoki shikastlanganligi uchun to‘lanadigan sug‘urta tovoni hisobidan qanoatlantirish huquqiga ega. Bu talab ipotekaga qo‘yuvchining boshqa kreditorlari talablaridan hamda sug‘urta qaysi shaxslar foydasiga amalga oshirilgan bo‘lsa, shu shaxslar talablaridan oldin imtiyozli tarzda qanoatlantirilishi kerak, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agar garovga qo‘yilgan mol-mulk ipotekaga oluvchining o‘zi javobgar bo‘lgan sabablarga ko‘ra yo‘qolgan yoki shikastlangan bo‘lsa, ipotekaga oluvchi o‘z talabini sug‘urta tovoni hisobidan qanoatlantirish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Ipotekaga qo‘yuvchi uy yoki kvartira ipotekasi to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha kredit qaytarilishiga doir majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun kreditor oldidagi o‘z javobgarligi xavfini sug‘urtalashga haqli.

Chat