Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 22462 marta o'qildi

Stipendiyalarga kimlar talabgor bo‘lishi mumkin

Prezident davlat stipendiyasi va nomli davlat stipendiyalari oliy ta’limda yuqori natija ko‘rsatgan, ilmiy yoki ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan talabalarni rag‘batlantirish maqsadida tayinlanadi.

Prezident davlat stipendiyasiga bakalavriatning bitiruv bosqichida tahsil olayotgan va butun o‘qish davrida a’lo baholarga o‘qigan talabalar talabgor bo‘lishi mumkin.

Nomli davlat stipendiyalariga esa tegishli ta’lim yo‘nalishlarida yuqori akademik va ilmiy-ijodiy natijalarga ega talabalar belgilangan tartibda tavsiya etiladi.

Nomzodga qo‘yiladigan talablar

Talabgorni baholashda:

— o‘qishdagi natijalari;

— ilmiy yoki ijodiy faoliyati;

— respublika va xalqaro konferentsiya, tanlov va olimpiadalardagi ishtiroki;

— ilmiy maqola, tezis va boshqa ishlari;

— davlat tili va xorijiy tillarni bilishi;

— O‘zbekiston tarixi hamda axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimlari hisobga olinadi.

Prezident davlat stipendiyasiga talabgor bakalavrda o‘z ta’lim yo‘nalishiga mos mavzuda kamida ikkita e’lon qilingan ilmiy-tadqiqot ishi bo‘lishi talab etiladi.

Nomzod qanday ko‘rsatiladi

Nomzodlar oliy ta’lim tashkilotining ilmiy kengashi tomonidan talabaning o‘qish va ilmiy-ijodiy natijalari muhokama qilinganidan keyin tavsiya etiladi.

Talabgorlarning ma’lumotlari va hujjatlari my.edu.uz elektron tizimiga kiritiladi. O‘zlashtirish ko‘rsatkichlari esa HEMIS tizimi orqali shakllantiriladi.

Prezident davlat stipendiyasi bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish, qoida tariqasida, 1–15-avgust, ularni vazirlikda ko‘rib chiqish esa 10–25-sentabrь kunlari amalga oshiriladi.

Maxsus test sinovlari

2026-yildan talabgorlar Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan:

O‘zbekiston tarixi;

axborot texnologiyalari;

xorijiy tillar bo‘yicha maxsus test sinovlaridan o‘tadi.

O‘tish ballining quyi chegarasi maksimal ballning 55 foizi hisoblanadi. 55 foizdan past natija ko‘rsatgan yoki testga qatnashmagan talabgor Prezident va nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilmaydi.

Apellyatsiya

Ekspert guruhi qo‘ygan ball talabgorga my.edu.uz orqali 24 soat ichida ma’lum qilinadi.

Natijadan norozi talabgor baholash natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab 48 soat ichida elektron tarzda apellyatsiya berishi mumkin.

Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni 3 kun ichida ko‘rib chiqadi va ballni o‘zgarishsiz qoldirishi yoki o‘zgartirishi mumkin.

Nomli davlat stipendiyasi — muayyan ta’lim sohalari bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan talabalar uchun belgilangan maxsus davlat stipendiyasi.

Chat