
Kimlarga bepul yo‘llanma beriladi?
Bepul sanatoriy yo‘llanmasi quyidagi toifalarga beriladi:
- urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
- halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning qayta nikohdan o‘tmagan beva xotini yoki beva eri;
- respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar;
- Chernobilь halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- yadro poligonlari va radiatsiya-yadro ob’ektlarida xizmat qilgan pensiya yoshidagi shaxslar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatuvchi;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar;
- yoshga doir pensiya oluvchilar.
Sanatoriy yo‘llanmasi — shaxsga belgilangan muddatda sanatoriyda bepul davolanish va sog‘lomlashtirish huquqini beruvchi elektron hujjat.
Yo‘llanma necha yilda bir beriladi?
Birinchi marta murojaat qilganlardan tashqari, yo‘llanmalar navbat asosida:
- ayrim urush va radiatsiya bilan bog‘liq toifalarga, respublika ahamiyatidagi shaxsiy pensionerlar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarga — har yili;
- urush qatnashchilariga tenglashtirilganlar, beva shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ko‘zi ojiz shaxsni kuzatuvchiga — ikki yilda bir marta;
- yoshga doir pensiya oluvchilarga — uch yilda bir marta beriladi.
Imtiyozli toifalardan biriga kiruvchi «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni sohibiga belgilangan davriylik doirasida navbatdan tashqari yo‘llanma beriladi.
Qaerga murojaat qilinadi?
Shaxs yoki uning vakili:
- Davlat xizmatlari markaziga;
- vakolatli organ yoki «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga;
- Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimiga murojaat qilishi mumkin.
Xizmat bepul ko‘rsatiladi. So‘rovnomaga imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat va shifokor bergan sanatoriyda davolanish tavsiya etilgan tibbiy ma’lumotnoma ilova qilinadi.
Navbatni qanday tekshirish mumkin?
Arizalar «IHMA Sanatoriy» modulida elektron reestrga kiritiladi. Murojaatchi arizaning holati va navbatini Davlat xizmatlari markazi, vakolatli organ, YaIDXP yoki ijtimoiy himoya axborot tizimi orqali real vaqt rejimida tekshirishi mumkin.
Yo‘llanmalar soni sanatoriylardagi mavjud o‘rinlar va Davlat byudjetida ajratilgan mablag‘lar doirasida belgilanadi.
Yo‘llanma necha kunga beriladi?
Yo‘llanma 10 kunga beriladi va navbati kelgan shaxsga QR-kodli elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
Shaxs sanatoriyga joylashish navbati kelgani haqida yo‘llanma boshlanishidan 20 kun oldin, lekin kamida 10 kun oldin SMS, elektron xabar yoki vakolatli xodim orqali xabardor qilinadi.
Yo‘llanma vaqti mos kelmasa nima qilish mumkin?
Shaxs yo‘llanma boshlanishidan kamida 3 kun oldin:
- yo‘llanmadan voz kechishi;
- uning amal qilish muddatini bir oyga kechiktirishni so‘rashi mumkin.
Yo‘llanmaning amal qilish muddati boshlanganidan keyin 5 kun ichida sanatoriyga murojaat qilinmasa, yo‘llanma bekor qilinadi.