Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18586 marta o'qildi

Oilada tarbiyalanish ustuvorligi

Davlat bolaning o‘z oilasida yashashiga to‘sqinlik qilayotgan sabablarni bartaraf etish, oilaga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda oiladan ajratilgan bolani imkoni boricha tezroq oilasiga qaytarish choralarini ko‘radi.

Nogironligi bo‘lgan yoki alohida ta’lim va parvarishga ehtiyoji mavjud bolani tarbiyalayotgan oilaga ijtimoiy, moddiy, psixologik va maslahat yordami ko‘rsatilishi mumkin.

Bolani oiladan ajratish va ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirish faqat uning manfaatlarini boshqa usulda ta’minlash imkoni bo‘lmagan holda qo‘llaniladigan oxirgi chora hisoblanadi.

Bolani qarindoshlari oilasiga joylashtirish

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolani tarbiyalashga qodir qarindoshlari mavjud bo‘lsa, ularga ustuvorlik beriladi.

Bunda qarindoshning:

  • bolani tarbiyalash imkoniyati;
  • turmush va ta’minot sharoiti;
  • sog‘lig‘i va shaxsiy fazilatlari;
  • bola bilan munosabati o‘rganiladi.

Bolaning yoshi, etuklik darajasi va fikri ham inobatga olinishi kerak.

Muqobil joylashtirish shakllari

Oilasiga qaytarish imkoni bo‘lmagan bola quyidagi shakllarda joylashtirilishi mumkin:

  • vasiylik yoki homiylik;
  • farzandlikka olish;
  • tutingan (foster) oila;
  • oilaga tarbiyaga olish — patronat;
  • oilaviy bolalar uyi;
  • qonunchilikda belgilangan boshqa shakllar.

Ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasasiga joylashtirish yakuniy chora sifatida qo‘llaniladi.

Bolaning holatini baholash, unga maqbul joylashtirish shaklini tanlash va joylashtirilganidan keyingi monitoring tuman yoki shahar «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Muqobil joylashtirishning barcha shakllarida birinchi navbatda bolaning eng ustun manfaatlari ta’minlanishi shart.

Tartib «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarorida belgilangan.

Chat