Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19459 marta o'qildi

«Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash belgilangan

Xotin-qizlarning bandligiga quyidagi yo‘nalishlarda ko‘maklashiladi
  • a) sektorlar rahbarlari tuman (shahar) investitsiya bo‘limlari, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, tijorat banklari hamkorlikda tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtirish;
  • b) sektorlar rahbarlari tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari hamda Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari bilan birgalikda mavjud vakansiya va zaxira (kvota) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish;
  • v) sektorlar rahbarlari tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari bilan birgalikda kooperativlarga jalb etish;
  • g) tuman (shahar) mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari hamda Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, Davlat soliq inspektsiyalari tomonidan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etish, tadbirkorlikka jalb etish, o‘zini o‘zi mustaqil ravishda band qilishni rivojlantirishga doir faoliyatni tashkil etish orqali bandlikka ko‘maklashish.

Ko‘rsatilgan ko‘maklashish choralari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

«Ayollar daftari» ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish

Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi
  • a) Savdo-sanoat palatasi, AT «Xalq banki», Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar uyushmasi, «Hunarmand» uyushmasi hamda hududiy xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari va tegishli nodavlat o‘quv markazlari joylarda o‘quv kurslarini tashkil etish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan va «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish va biznes loyihalarini tuzishga ko‘maklashadi;
  • b) «Mikrokreditbank» ATB, «Agrobank» ATB va AT «Xalq banki»ning tuman (shahar) filiallari orqali tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kredit ajratiladi.

AT «Xalq banki» «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga kredit olishda ko‘maklashish, bu masalada respublikada ajratilgan kreditlarning statistik hisobotini yuritish va kredit ajratilgandan so‘ng ularning tadbirkorligini rivojlantirish uchun doimiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlarni muvofiqlashtirishga mas’ul hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish ishlari samaradorligini o‘rganadi va har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

Kreditlar «Ayollar daftari»ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

  • Bunda kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda hokimlar yordamchilarining tavsiyalari asosida ajratiladi.
  • Kreditlarni ilgari olingan kreditlar yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga, shaxsiy ehtiyoj uchun avtotransport vositasi sotib olishga, ma’muriy xarajatlarni to‘lashga, jumladan, avtotransport vositasining ta’minoti, mebelь, aloqa xizmatlari to‘lovi va uyali telefon sotib olishga hamda qonunchilik hujjatlari va Markaziy bankning qoidalariga ko‘ra taqiqlangan faoliyatlarga ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kreditlar 14 foizlik stavkada
  • oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga — 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
  • chorvachilik (chetdan keltirilgan naslli qo‘y va echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun — 1 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
  • bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga ajratiladi.

Kreditlar qarz oluvchining ssuda hisobvarag‘idan kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun tegishli tashkilotlarning bankdagi hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan ajratiladi.
«Ayollar daftari»ga kiritilgan va o‘zini o‘zi band qiladigan xotin-qizlarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln so‘mgacha miqdorida kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin.

  • «Ayollar daftari»ga kiritilgan, biroq kredit olishni rad qilgan xotin-qizlarning doimiy bandligini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlarining «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan loyihalariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturi doirasidagi resurslar hisobidan yillik 14 foizlik stavkada imtiyozli kreditlar ajratilishi mumkin.
  • Bunda kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlash sharti bilan samaradorligi yuqori va barqaror ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihalariga Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish Davlat dasturlari doirasidagi resurslar hisobidan 225 million so‘mdan ortiq, biroq 1 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilangan tartib asosida kredit ajratilishi mumkin.

Kredit summasining aniq miqdori tadbirkor tomonidan ish bilan ta’minlanadigan har bir xotin-qiz uchun 33 million so‘mgacha miqdorga mutanosib ravishda belgilanadi.

Chat