Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23924 marta o'qildi

Murojaatni qabul qilish va holatni baholash

Tazyiq yoki zo‘ravonlik holati haqida:

  • ichki ishlar organlarining 102 qisqa raqamiga;
  • 112 yagona dispetcherlik xizmatiga;
  • 1146 ishonch telefoniga;
  • profilaktika inspektoriga;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi yoki mahalladagi ijtimoiy xodimga xabar berish mumkin.

«Inson» markazi ijtimoiy xodimi jabrlangan xotin-qiz va uning voyaga etmagan farzandlarining holatini baholaydi. Baholash xotin-qizning roziligi asosida amalga oshiriladi.

Ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar

Baholash natijasiga ko‘ra bir yoki bir nechta chora qo‘llanishi mumkin:

  • kunduzgi qatnov shaklida qisqa yoki uzoq muddatli ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlar;
  • shifoxonaning birlamchi ko‘mak xonasiga joylashtirish;
  • tazyiq yoki zo‘ravonlik holatini ro‘yxatga olish va himoya orderini rasmiylashtirish;
  • chuqurlashtirilgan reabilitatsiya uchun hududiy markazga joylashtirish.

«Inson» markazining ijtimoiy, psixologik va huquqiy xizmatlarini olish uchun himoya orderi bo‘lishi shart emas.

Birlamchi ko‘mak xonasiga xotin-qiz va uning voyaga etmagan farzandlari uch sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga joylashtiriladi. Ularga tibbiy yordam, psixiatr ko‘rigi, ovqat va shaxsiy gigiena vositalari taqdim etiladi.

Chuqurlashtirilgan reabilitatsiya

Chuqurlashtirilgan reabilitatsiyaga ehtiyoj bo‘lsa, «Inson» markazi bo‘sh o‘rinni aniqlaydi va zarur hujjatlarni elektron shaklda hududiy markazga yuboradi. Tuman yoki shahar ichki ishlar organi xotin-qiz va uning farzandlarini markazga olib boradi.

Markazda besh ish kuni ichida kompleks baholash o‘tkazilib, yakka tartibdagi ijtimoiy reabilitatsiya dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida tibbiy, psixologik, huquqiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi, bolalarni ta’lim muassasasiga joylashtirish, xotin-qizni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi.

Markazga joylashtirish va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish xotin-qizning roziligi asosida amalga oshiriladi.

Tartib «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun, Prezidentning PQ-175-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 354-son qarori bilan belgilangan.

Chat