Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14500 marta o'qildi

Subsidiya kimlarga beriladi

Subsidiya Prezident maktabini tamomlab, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan:

— xorijiy oliy ta’lim tashkilotiga;

— xorijiy OTMning O‘zbekistondagi filialiga;

— nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga

to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan bitiruvchilarga beriladi.

Subsidiya — Prezident maktabi bitiruvchisining to‘lov-kontrakt xarajatini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan belgilangan miqdorda qoplab berish.

Eslatma: mazkur subsidiya chet elning o‘zida joylashgan universitetda o‘qish xarajati uchun berilmaydi. OTM yoki uning filiali O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi kerak.

Subsidiya miqdori

Prezident maktabi bitiruvchisining bir o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt summasi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Bunda bir yil uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 100 BHMdan oshmasligi kerak.

Agar kontrakt summasi 100 BHMdan kam bo‘lsa, kontraktning to‘liq summasi qoplanadi.

Talaba akademik o‘zlashtirishi qoniqarsiz bo‘lgani sababli fan yoki kursni qayta o‘qishiga to‘g‘ri kelsa, bu bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar talabaning o‘z mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Ariza berish tartibi

Talabgor har bir o‘quv yilida 15-dekabrga qadar vakolatli Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga:

— OTMga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

— to‘lov-kontrakt asosida o‘qish to‘g‘risidagi shartnoma ilova qilinadi.

Ariza 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Ijobiy qaror qabul qilinsa, Agentlik, oliy ta’lim tashkiloti va talabgor o‘rtasida 2 ish kuni ichida uch tomonlama shartnoma tuziladi.

Ishlab berish majburiyati

Subsidiyadan foydalanish uchun talabgor o‘qishni tugatgandan keyin egallagan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yilgacha to‘liq bandlik rejimida ishlab berish majburiyatini qabul qiladi.

Ishlash O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlarda Agentlik belgilagan tartib asosida amalga oshiriladi.

Agar subsidiya olgan talaba magistratura yoki doktoranturada o‘qishini davom ettirsa, majburiy ishlab berish muddati tegishli keyingi ta’lim bosqichi tugaganidan keyin boshlanadi.

Subsidiyaning maqsadi

Ushbu mexanizm Prezident maktablari bitiruvchilariga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan nufuzli xorijiy va nodavlat OTMlarda ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish, shu bilan birga ularning olgan bilimlarini keyinchalik mamlakatdagi tashkilotlarda qo‘llashini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Chat