Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5589 marta o'qildi

Bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish bo‘yicha davlat xizmatlari

  • Mazkur Reglamentning amal qilishi bino va inshootning hajmi va maydonini o‘zgartirmasdan turib ko‘cha (ko‘chalar)dan ko‘rinadigan old va yon fasadlar (fasad maydonining 25 foizidan ortiq qismi)dagi arxitekturaviy elementlar (tsokoli, quyoshdan himoyalash elementlari, parapetlari, ustunlari, tomi, derazalari, peshayvoni, ayvonlari va shu kabilar)ning rangi, konfiguratsiyasi va o‘lchamlari o‘zgartirilishiga tatbiq etiladi.    
  • Bino va inshootning, yakka tartibdagi uy-joyning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish bo‘yicha agar bino va inshoot, yakka tartibdagi uy-joy magistral ko‘chalar, xalqaro, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobilь yo‘llari bo‘ylab joylashgan hollarda fasad maydonining 25 foizidan ortiq qismidan qat’i nazar kelishish talab etiladi.    

Yakka tartibdagi uy-joylar, tumanlarning ma’muriy markazi bo‘lmagan shaharchalarda, qishloq aholi punktlari (qishloq va ovullar)da hamda aholi punktlari tashqarisida joylashgan bino va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish uchun kelishish talab etilmaydi.   


Bino va inshoot fasadining eskiz loyihasi tegishli litsenziyasi bo‘lgan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqiladi.

  • Bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirgandan so‘ng ob’ektni foydalanishga qabul qilish talab etilmaydi.

Davlat xizmati ko‘rsatish tartibi
  • Ariza beruvchilar bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
  • Bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish uchun arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
  • Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda navbatdagi ish kuni arizalarning vakolatli organga kelib tushgan va qabul qilingan kun hisoblanadi.
  • Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
  • Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

Quyidagilar bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishishni rad etish uchun asos bo‘ladi
  1. so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi;
  2. davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik;
  3. loyihada bino va inshootning hajmi va maydoni o‘zgarganligi;
  4. bino va inshootning avariya holatida ekanligi;
  5. bino va inshootga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi;
  6. loyiha tegishli litsenziyasi bo‘lgan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilmaganligi;
  7. binolar va inshootlarning mustahkamligi, zilzilabardoshliligiga ta’sir qiluvchi yuk ko‘taruvchi qismlarining o‘zgarishi nazarda tutilganligi;
  8. bino va inshoot fasadi eskiz loyihasining qonunchilik talablariga, shu jumladan, shaharsozlik normalari va qoidalariga mos kelmasligi;
  9. vakolatli organga ariza beruvchi tomonidan ob’ektni o‘rganish uchun imkoniyat yaratilmaganligi;
  10. taqiqda turgan ob’ektlar;
  11. bino va inshootlarni ulushdorlaridan birining roziligi bo‘lmasa;
  12. davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organda ushbu er uchastkasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda olib qo‘yilganligi haqidagi ma’lumotlarning mavjudligi.

  • Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslarga ko‘ra rad etish taqiqlanadi.
  • Ariza beruvchi bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish rad etilgan kundan boshlab 10 (o‘n) ish kuni mobaynida davlat xizmati ko‘rsatish uchun yig‘im to‘lamasdan ko‘rsatilgan kamchilikni bartaraf etgan holda bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish uchun takroran murojaat qilish huquqiga ega.
  • Bino va inshoot tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar ariza beruvchi tomonidan bartaraf qilingan taqdirda, takroran kelishish so‘rovnoma takroran tushgan kundan boshlab 3 (uch) ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.


  • Bino va inshootning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishish sxemasi
Chat