Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7131 marta o'qildi

2022-yil 1-iyuldan boshlab kasanachilikni mehnat shartnomasi bilan bir qatorda ishlarni bajarish, tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish haqidagi fuqarolik-huquqiy shartnomalar, shu jumladan pudrat shartnomasi asosida tashkil etishga ruxsat berildi.

Belgilandiki, 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1 yanvarga qadar:
  • kasanachilarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, biroq hisobot davri (bir oy)da ko‘pi bilan 1 million so‘mgacha kamaytirgan holda hisoblanadi;
  • kasanachilar ijtimoiy soliq to‘lovini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda amalga oshiradi;
  • jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ro‘yxati 1-ilovada belgilangan olis va chekka hududlardagi mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1 yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan tadbirkorlik sub’ektlariga «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri»da bo‘lgan va kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bunda, subsidiya tadbirkorlik sub’ekti va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari o‘rtasida tuziladigan quyidagi shartlarni nazarda tutuvchi ijtimoiy kontraktga asosan ajratiladi:
  • tadbirkorlik sub’ekti tomonidan kasanachiga buyurtma berilayotgan ish turiga qarab, subsidiya hisobiga xarid qilingan asbob-uskunalar kasanachiga bepul beriladi;
  • tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari bilan birgalikda kasanachilarning ish faoliyati samaradorligini doimiy tarzda monitoring qiladi hamda foydalanilmayotgan asbob-uskunalarga ajratilgan subsidiyalarni qaytarib oladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish beruvchilarning buyurtmasi asosida kasanachilarni «Ishga marhamat» monomarkazlari, tuman (shahar) kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida o‘qitishni tashkil etadi.

Bunda:
  • mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari va tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari kasanachilik orqali fuqarolarni ishga olish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni aniqlaydi va faoliyat yo‘nalishi kesimida ularning ro‘yxatini shakllantiradi;
  • tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tadbirkorlar tomonidan taklif etilayotgan kasanachilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kasblar ro‘yxatini shakllantiradi;
  • kasanachilarni o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
  • kasanachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ishsiz shaxslar «Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida talab etiladigan kasblarga o‘qitiladi.

2023-yil 1 yanvardan boshlab nodavlat ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi asosida ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni kasanachilik yo‘nalishida kasbga o‘qitishning tartibi joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra:
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi «Ishga marhamat» monomarkazlari huzuridagi malakani baholash markazlari kasbiy malaka talablarini ishlab chiqadi va salohiyatli ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasini beradi;
  • o‘quv kurslarini tugatgan fuqarolarning bilim darajasi malakani baholash markazlari tomonidan aniqlanadi va shu asosda ularga malaka sertifikatlari beriladi;
  • malaka sertifikatini olgan fuqarolarga mehnat faoliyatini boshlashi uchun o‘qish xarajatlariga teng miqdorda malakani baholash markazlari tomonidan subsidiyalar beriladi.

Chat