Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10330 marta o'qildi

Jamiyat va davlat manfaatlari

Fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqini ta’minlash, atrof-muhitga zararli ta’sirning oldini olish, ekologik vaziyatni yaxshilash, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda madaniy meros ob’ektlarini saqlash jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.

Davlat manfaatlari aholi punktlari va aholi punktlariaro hududlarni barqaror rivojlantirish, infratuzilma tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash, tabiiy resurslar va madaniy merosni saqlash hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishni qamrab oladi.

Shaharsozlik faoliyati fuqarolar, yuridik shaxslar, jamiyat yoki davlat manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat belgilangan tartibda tugatilishi kerak.

Qurilishga qo‘yiladigan asosiy talablar

Qurilish, rekonstruktsiya va boshqa shaharsozlik ishlarida:

  • shaharsozlik hujjatlari, normalari va qurish qoidalariga;
  • ekologik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga;
  • suvni muhofaza qilish va muhandislik tarmoqlarining muhofaza zonalariga;
  • madaniy meros va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimiga;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratish talablariga rioya qilinishi shart.

Qurilish aholi punktlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlanganlik darajasini pasaytirmasligi kerak.

Er va ko‘chmas mulkdan foydalanish

Yuridik va jismoniy shaxslar er uchastkalari hamda ko‘chmas mulkdan shaharsozlik reglamentiga muvofiq foydalanishi shart.

Ular:

  • qo‘shni er uchastkalari mulkdorlarining huquqlariga to‘sqinlik qilmasligi;
  • atrof-muhit, infratuzilma va obodonlashtirish ob’ektlariga zarar etkazmasligi;
  • nazorat organlarining qonuniy ko‘rsatmalarini bajarishi;
  • o‘z ob’ektlaridagi o‘zgarishlar haqida vakolatli organlarga ishonchli ma’lumot berishi kerak.

Er uchastkasi yoki bino mulkdori bo‘lish shaharsozlik, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilmasdan qurilish olib borish huquqini bermaydi.

Jismoniy shaxslarning pudratchi sifatidagi faoliyati

Jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmasdan pudratchi sifatida quyidagi ob’ektlarni qurishi mumkin:

  • tsokolni hisobga olmaganda 2 qavatdan, balandligi 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan oshmaydigan yakka tartibdagi uy-joylar;
  • mavsumiy ishlar va yaylov chorvachiligi uchun vaqtinchalik binolar;
  • tomorqa, bog‘dorchilik, uzumchilik va polizchilik erlaridagi xo‘jalik-maishiy imoratlar;
  • muhandislik tarmoqlarini o‘zgartirish talab etilmaydigan obodonlashtirish ishlari;
  • yig‘ma-qismlarga ajraladigan konstruktsiyalardan quriladigan, umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan oshmaydigan bir qavatli savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ob’ektlari;
  • ikkitadan ko‘p bo‘lmagan avtomobilь uchun garajlar;
  • kichik arxitektura shakllari, to‘siqlar, ochiq sport maydonchalari va yo‘laklar;
  • reklama va axborot konstruktsiyalari;
  • mulkdorning shaxsiy foydalanishiga mo‘ljallangan texnik jihatdan murakkab bo‘lmagan imoratlar.

Bu huquq zarur ruxsatnoma, loyiha, ekspertiza yoki qurilishni ro‘yxatdan o‘tkazish talablarini bekor qilmaydi.

Jamoatchilik nazorati

Shaharsozlik sohasida jamoatchilik nazorati:

  • jamoatchilik muhokamasi;
  • jamoatchilik ekspertizasi;
  • qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.

Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNTlar va ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub’ektlari bo‘lishi mumkin.

Jamoatchilik nazorati natijasida tayyorlangan yakuniy hujjatdagi taklif va tavsiyalar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi. Biroq ushbu takliflar o‘z-o‘zidan davlat organining qarorini bekor qilmaydi.

Chat