Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 34626 marta o'qildi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi nima?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi — fuqarolarning mahalliy ahamiyatga molik masalalarni o‘z manfaatlari, hududning tarixiy xususiyatlari, milliy va ma’naviy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va an’analardan kelib chiqqan holda mustaqil hal etish borasidagi faoliyati.

Ushbu huquq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlanadi. Fuqarolar shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalarda o‘zini o‘zi boshqarish huquqini fuqarolar yig‘inlari orqali amalga oshiradi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi. Ular mahalliy ahamiyatga molik masalalarni qonun doirasida mustaqil hal qilish huquqiga ega va yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi.

Fuqarolar yig‘ini nima?

Fuqarolar yig‘ini tegishli hudud aholisining manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan shu hudud doirasida amal qiladigan qarorlarni qabul qiladi.

Fuqarolar yig‘inida 18 yoshga to‘lgan va tegishli hududda doimiy yashayotgan shaxslar qatnashadi. Fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar o‘zini o‘zi boshqarishda teng huquqqa ega.

Fuqarolar yig‘inining qanday organlari bor?

Fuqarolar yig‘inining organlari:

  • fuqarolar yig‘ini kengashi;
  • fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalar;
  • taftish komissiyasidan iborat.

Fuqarolar yig‘ini o‘zi tasdiqlaydigan nizom asosida faoliyat yuritadi. Namunaviy nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Mahalla qarorlari majburiymi?

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlar tegishli hududda yashovchi fuqarolar, shu hududda joylashgan yuridik shaxslar va ularning mansabdor shaxslari uchun majburiy hisoblanadi.

Bunday qarorlar ularni qabul qilgan organ yoki mansabdor shaxs tomonidan bekor qilinishi yoxud sud qarori bilan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Chat