Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 47944 marta o'qildi

Kim xodim hisoblanadi?

Ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan, mehnatga oid huquq va muomala layoqatiga ega O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs xodim bo‘lishi mumkin.

Qoida tariqasida, shaxsning mehnatga oid huquq va muomala layoqati 16 yoshdan vujudga keladi.

15 yoshga to‘lgan o‘quvchi ota-onasidan birining yozma roziligi bilan, o‘qishdan bo‘sh vaqtida, sog‘lig‘i va ma’naviy kamolotiga zarar etkazmaydigan hamda ta’lim jarayonini buzmaydigan engil ishga qabul qilinishi mumkin.

Xodim qanday huquqlarga ega?

Xodim:

  • mehnat shartnomasini qonunda belgilangan tartibda tuzish, o‘zgartirish va bekor qilish;
  • mehnat shartnomasida belgilangan ish bilan ta’minlanish;
  • mehnatni muhofaza qilish talablariga javob beradigan ish joyiga ega bo‘lish;
  • malakasi, mehnatining murakkabligi, bajargan ishining miqdori va sifatiga muvofiq ish haqini o‘z vaqtida va to‘liq olish;
  • belgilangan ish vaqti, dam olish kunlari, bayram kunlari va yillik mehnat ta’tili orqali dam olish;
  • xavfsiz va gigiena talablariga javob beradigan sharoitda ishlash hamda ish joyidagi mehnat sharoitlari haqida to‘liq axborot olish;
  • kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun kasaba uyushmalari va boshqa tashkilotlarga birlashish;
  • jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi hamda ularning bajarilishi haqida axborot olish;
  • mehnat vazifasini bajarishi munosabati bilan etkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishini va ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishini talab qilish;
  • mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonunda taqiqlanmagan usullarda himoya qilish;
  • mehnat nizolarini qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilish huquqiga ega.

Muhim: mehnat shartnomasiga xodimning qonunchilikda belgilangan holatini yomonlashtiradigan shartlarni kiritish mumkin emas. Bunday shart kiritilgan bo‘lsa, u haqiqiy hisoblanmaydi.

Xodimning ayrim huquqlari mehnat shartnomasida alohida ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham, bu uni qonunchilikda berilgan huquqlardan mahrum qilmaydi.

Xodim qanday majburiyatlarga ega?

Xodim:

  • mehnat qonunchiligi, mehnatga oid boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasi shartlariga rioya qilishi;
  • o‘z mehnat vazifalarini vijdonan bajarishi;
  • ichki mehnat tartibi va mehnat intizomiga rioya qilishi;
  • belgilangan mehnat normalarini bajarishi;
  • mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi, texnologiya intizomi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalariga amal qilishi;
  • ish beruvchining mol-mulkiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi;
  • ish beruvchiga etkazilgan moddiy zararni qonunda belgilangan tartib va doirada qoplashi;
  • insonlar hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud mol-mulk saqlanishiga tahdid soluvchi vaziyat yuzaga kelsa, bu haqda ish beruvchi yoki bevosita rahbarga darhol xabar berishi;
  • boshqa xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilmasligi shart.

Mehnat shartnomasi va boshqa mehnatga oid hujjatlarda qonunchilikka zid bo‘lmagan qo‘shimcha huquq va majburiyatlar ham belgilanishi mumkin.

Xodimning huquqi buzilsa nima qilish mumkin?

Xodim o‘z mehnat huquqlarini qonunda taqiqlanmagan usullarda himoya qilish huquqiga ega. Mehnat nizosi mavjud bo‘lsa, u qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan Davlat mehnat inspektsiyasiga murojaat qilish mumkin.

Eslatma: mehnat huquqi buzilgan holatda mehnat shartnomasi, ishga qabul qilish yoki ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruqlar, ish haqiga oid ma’lumotlar va boshqa tegishli hujjatlarni saqlab qo‘yish nizoni hal qilishda muhim ahamiyatga ega.

Mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish beruvchilar ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.


Chat