Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 41534 marta o'qildi

Ish beruvchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar

Tashkilotlar, ularning alohida bo‘linmalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda qonunchilikda belgilangan hollarda jismoniy shaxslar ish beruvchi bo‘lishi mumkin.

Masalan, jismoniy shaxs uy xo‘jaligida yordam berish uchun uy xodimini yollasa yoki qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa shaxsiy maqsadlar uchun yollanma mehnatdan foydalansa, u ham ish beruvchi sifatida mehnat munosabatlarida ishtirok etadi. Yakka tartibdagi tadbirkorning ish beruvchi sifatidagi mehnatga oid huquq va muomala layoqati davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytdan boshlanadi.

Ish beruvchining asosiy huquqlari

Ish beruvchi:
  • xodim bilan mehnat shartnomasini tuzish, o‘zgartirish va qonunda belgilangan asoslarda bekor qilish;
  • jamoaviy muzokaralar tashabbusi bilan chiqish va jamoa shartnomasini tuzish;
  • yaxshi va samarali ishlagan xodimlarni rag‘batlantirish;
  • xodimdan o‘z mehnat vazifalarini bajarishni va ichki mehnat tartibiga rioya qilishni talab etish;
  • qonunda belgilangan tartibda xodimga intizomiy jazo qo‘llash;
  • xodim etkazgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqiqiy zarar uchun uni moddiy javobgarlikka tortish;
  • qonunchilik doirasida ichki hujjatlarni qabul qilish;
  • o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun ish beruvchilar birlashmalarini tashkil etish yoki ularga a’zo bo‘lish huquqiga ega.

Muhim: ish beruvchining xodimni intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortish huquqi bu choralarni istalgan holatda qo‘llash mumkin degani emas. Buning uchun Mehnat kodeksida belgilangan asos va tartibga rioya qilinishi shart.

Ish beruvchi nimaga majbur?

Ish beruvchi, eng avvalo, mehnat qonunchiligi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga rioya qilishi kerak.

U xodimni mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan ish bilan ta’minlashi, ishga qabul qilishdan tortib mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan jarayonda kamsitishga yo‘l qo‘ymasligi, majburiy mehnat va bolalar mehnatining og‘ir shakllaridan foydalanmasligi shart.

Shuningdek, ish beruvchi:
  • xavfsiz va mehnatni muhofaza qilish talablariga javob beradigan ish sharoitini yaratishi;
  • xodimni ishlash uchun zarur asbob-uskuna, vosita va hujjatlar bilan ta’minlashi;
  • ish haqini belgilangan muddatda to‘liq to‘lashi;
  • xodimni uning ishiga bevosita taalluqli ichki hujjatlar bilan imzo qo‘ydirib tanishtirishi;
  • davlat mehnat inspektorlarining qonuniy ko‘rsatmalarini o‘z vaqtida bajarishi;
  • ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa va kasb kasalliklaridan belgilangan sug‘urtani ta’minlashi;
  • xodimga mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq holda etkazilgan moddiy zararni qonunda belgilangan tartibda qoplashi shart.

Mehnat shartnomasini rasmiylashtirish

Ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni belgilangan tartibda «Yagona milliy mehnat tizimi»da o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

Eslatma: xodim ish beruvchining og‘zaki ko‘rsatmasi bilan ishlayotgan bo‘lsa ham, mehnat munosabatlarini qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirish muhim. Rasmiy mehnat munosabatlari xodimning ish haqi, mehnat staji, ta’til va boshqa mehnat kafolatlaridan foydalanishi uchun asos bo‘ladi.

Chat