Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7014 marta o'qildi

Har kimga o‘zining ishlab chiqarishga va ijodiy mehnatga doir qobiliyatlaridan foydalanish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha mutlaq huquq tegishlidir.

Har kim ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yoki mehnat organlarining bepul ko‘magi orqali, shuningdek xususiy bandlik agentliklarining xizmatlari vositasida ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.

Ishga joylashtirish bo‘yicha davlat kafolatlari:

Davlat:

  • bandlik turini, shu jumladan turli mehnat rejimidagi ishni tanlash erkinligini;
  • ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdan, qonunga xilof ravishda boshqa ishga o‘tkazishdan, xodimni ishdan chetlashtirishdan va mehnat shartnomasini bekor qilishdan himoyalanishni;
  • maqbul keladigan ish tanlashga va ishga joylashishga bepul ko‘maklashishni;
  • kasb egallashda va ishga ega bo‘lishda, mehnat qilish va bandlik sharoitlarida, mehnatga haq to‘lashda, xizmat pog‘onalari bo‘yicha ko‘tarilishda har kimga imkoniyatlar tengligi yaratilishini;
  • ish qidirayotgan shaxslarni va ishsizlarni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga hamda ularning malakasini oshirishga ko‘maklashishni;
  • mehnat organlarining taklifiga ko‘ra ishlash uchun boshqa joyga ixtiyoriy ravishda ko‘chib ketish munosabati bilan qilingan xarajatlar kompensatsiya qilinishini;
  • haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish imkoniyatini kafolatlaydi.

Ishga joylashtirish bo‘yicha kafolatlarni taqdim etish tartibi aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilanadi.

Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar:

Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • 14 yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota-ona (ularning o‘rnini bosuvchi shaxs), shuningdek ko‘p bolali oilalardagi ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar);
  • umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablarini, kasb-hunar kollejlarini hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega bo‘lgan yoshlar;
  • «Mehribonlik» uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy ta’lim tashkilotlarining davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan bitiruvchilari;
  • O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Milliy gvardiyasining, Davlat xavfsizlik xizmatining qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin);
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar;
  • odam savdosidan jabrlanganlar.
  • Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa shaxslar ham kiritilishi mumkin.

Ishga joylashtirish sohasidagi qo‘shimcha kafolatlar qo‘shimcha ish o‘rinlarini, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat qilishi uchun tashkilotlarni tashkil etish, maxsus qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash yo‘li bilan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar orqali ta’minlanadi.

Ish beruvchining bandlik va ishga joylashtirish sohasidagi majburiyatlari.

Chat