Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10253 marta o'qildi

Jurnalist tushunchasi

Jurnalist — mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida OAV uchun xabar va materiallarni to‘plash, tahlil qilish, tahrir etish, tayyorlash hamda tarqatish faoliyatini amalga oshiruvchi shaxs.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini tsenzura qilish taqiqlanadi. Hech kim jurnalistdan e’lon qilinadigan xabar yoki materialni oldindan kelishishni, uning matnini o‘zgartirishni yoki nashrdan olib qolishni talab qilishga haqli emas.

Muhim: jurnalistning qonuniy kasbiy faoliyatiga aralashish, undan kasbiy vazifalarini bajarish vaqtida olgan ma’lumotlarini talab qilish yoki tanqidiy material e’lon qilgani uchun uni ta’qib qilish taqiqlanadi.

Jurnalistning huquqlari

Jurnalist kasbiy faoliyati davomida:

  • axborot to‘plash, tahlil qilish, tahrir etish, tayyorlash va tarqatish;
  • axborot olish uchun davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish;
  • davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlardan tashqari hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalanish;
  • jurnalist tekshiruvi o‘tkazish;
  • davlat organlarining ochiq hay’at majlislari va ommaviy tadbirlarida ishtirok etish;
  • ma’lumotlarni texnika vositalari yordamida yozib olish;
  • sudlarning ochiq majlislarida, tabiiy ofat hududlarida va ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;
  • axborot manbasi yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;
  • qonunni buzishga olib keladigan tahririyat topshirig‘ini bajarishdan bosh tortish;
  • material mazmuni tahrir jarayonida buzilsa, unga imzo qo‘ymaslik yoki uni e’lon qilmaslikni talab qilish huquqiga ega.

Jurnalistning majburiyatlari

Jurnalist:

  • qonunchilik va O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga rioya qilishi;
  • tayyorlanayotgan materialning to‘g‘riligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi;
  • aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilishi;
  • jurnalistika sohasining sirini oshkor etmasligi;
  • kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya qilishi;
  • shaxsning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.

Jurnalistning daxlsizligi va tekshiruv materiallari

Jurnalist kasbiy faoliyatini amalga oshirish vaqtida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Tanqidiy materiallar e’lon qilgani uchun uni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jurnalist tekshiruvi davomida to‘plangan materiallar va hujjatlar qonunga xilof ravishda olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas.

Huquqlar buzilganda

Senzura qilish, akkreditatsiyani asossiz rad etish yoki bekor qilish, jurnalistning axborot olish huquqini buzish, unga tazyiq o‘tkazish, texnika vositalarini g‘ayriqonuniy olib qo‘yish yoki axborot manbasini roziliksiz oshkor etish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Jurnalist bunday holatlar yuzasidan yuqori turuvchi organga, prokuraturaga yoki sudga murojaat qilishi mumkin.

Chat