Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 9213 marta o'qildi

O‘zbekiston jurnalistining chet eldagi faoliyati

O‘zbekiston Respublikasi jurnalisti chet elda kasbiy faoliyatini:

  • O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi;
  • o‘zi faoliyat yuritayotgan yoki akkreditatsiya qilingan davlat qonunchiligi;
  • tegishli xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiradi.

Jurnalist xorijiy davlatda faoliyat yuritishdan oldin o‘sha davlatning akkreditatsiya, viza, axborot olish, foto va video tasvirga olishga oid talablarini tekshirishi lozim.

Chet el jurnalistini akkreditatsiya qilish

Xorijiy davlat OAV muxbiri O‘zbekiston hududida kasbiy faoliyatni Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tganidan keyin amalga oshiradi.

Doimiy xorijiy muxbiri akkreditatsiya qilish uchun manfaatdor xorijiy OAV rahbariyati tashqi ishlar vaziri nomiga murojaat yuboradi. Murojaatga:

  • xorijiy OAV haqida ma’lumotnoma;
  • akkreditatsiya qilinayotgan muxbiri tarjimai holi;
  • belgilangan namunadagi 4 ta fotosurat ilova qilinadi.

Murojaat O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik yoki konsullik muassasasi orqali yoxud bevosita Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etiladi.

Muddatlar

Doimiy xorijiy muxbiri akkreditatsiya qilish haqidagi qaror murojaat kelib tushganidan keyin 2 oydan kechiktirmay qabul qilinadi. Doimiy akkreditatsiya guvohnomasi 2 yilgacha muddatga beriladi.

Vaqtincha xorijiy muxbiri akkreditatsiya qilish haqidagi qaror OAV rahbariyatining yozma murojaati taqdim etilganidan keyin 2 haftadan kechiktirmay qabul qilinadi. Vaqtincha akkreditatsiya guvohnomasi 3 oygacha muddatga beriladi.

Muhim: xorijiy jurnalistning O‘zbekistonga kirish vizasi borligi uni avtomatik ravishda jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish uchun akkreditatsiya qilingan deb hisoblashga asos bo‘lmaydi.

Akkreditatsiya qilingan jurnalistning huquqlari

O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan chet el jurnalisti axborot to‘plash va tarqatishda O‘zbekiston jurnalisti bilan teng huquqlarga ega.

U og‘zaki, yozma yoki audiovizual axborotni aloqa kanallari orqali o‘zi vakillik qilayotgan xorijiy OAVga yuborishga haqli. Uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan himoya qilinadi, kasbiy faoliyatiga aralashish taqiqlanadi.

Majburiyatlar va akkreditatsiyani bekor qilish

Chet el jurnalisti O‘zbekiston hududida:

  • O‘zbekiston qonunchiligiga;
  • OAV va jurnalistlik faoliyatiga oid talablarga;
  • viza, bo‘lish va akkreditatsiya qoidalariga rioya qilishi shart.

Qonunchilik buzilganda Tashqi ishlar vazirligi jurnalistni ogohlantirishi, akkreditatsiyani muddatidan oldin bekor qilishi, vizani annulyatsiya qilishi yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralarni qo‘llashi mumkin.

Akkreditatsiyani rad etish sabablari jurnalistga yozma shaklda ma’lum qilinishi kerak. Akkreditatsiyani bekor qilish haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat