Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12230 marta o'qildi

112 qanday xizmat?

112 — hodisa, favqulodda yoki murakkab hayotiy vaziyat yuzaga kelganda zarur shoshilinch xizmatni «yagona darcha» tamoyili asosida chaqirish imkonini beradigan yagona qisqa raqam.

Chaqiruvlar tunu kun va bepul qabul qilinadi.

112 orqali qaysi xizmatlarni chaqirish mumkin?

Tizim, jumladan:

  • ichki ishlar organlari;
  • tez tibbiy yordam;
  • yong‘inga qarshi va qutqaruv xizmatlari;
  • gaz tarmog‘i avariya xizmati;
  • tezkor ijtimoiy-psixologik yordam;
  • zarur boshqa shoshilinch davlat xizmatlari bilan o‘zaro bog‘langan.

Operator chaqiruv mazmuniga qarab axborotni tegishli shoshilinch xizmatga yo‘naltiradi va xizmatlar o‘rtasidagi harakatlarni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Qaysi holatlarda 112 ga qo‘ng‘iroq qilish mumkin?

112 raqamiga, masalan:

  • yong‘in yoki boshqa favqulodda vaziyat;
  • jinoyat yoki huquqbuzarlik;
  • yo‘l-transport hodisasi;
  • shoshilinch tibbiy yordam talab etilganda;
  • gaz avariyasi;
  • tazyiq, zo‘ravonlik yoki boshqa murakkab hayotiy vaziyat;
  • o‘z joniga qasd qilishga urinish bilan bog‘liq holat yuz berganda murojaat qilish mumkin.

102 yoki 103 raqamlari bekor qilinganmi?

Yo‘q. 112 orqali «yagona darcha» tartibida murojaat qilish bilan birga maxsus xizmatlarning mavjud qisqa raqamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘ng‘iroq qilish tartibi ham saqlangan.

Jumladan:

  • 102 — ichki ishlar organlari;
  • 101/1050 — qutqaruv va yong‘inga qarshi xizmat;
  • 103 — tez tibbiy yordam;
  • 104/1104 — gaz avariya xizmati;
  • 1146 — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki shoshilinch ruhiy-psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlarga yordam xizmati.

Qaysi tillarda murojaat qilish mumkin?

Nizomga ko‘ra 112 chaqiruvlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus va xorijiy tillarda, shuningdek eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun imo-ishora tilida qabul qilinishi nazarda tutilgan.

Eslatma: 112 — ma’lumot olish yoki oddiy maishiy murojaatlar uchun emas, shoshilinch chora ko‘rish talab qilinadigan hodisalar uchun mo‘ljallangan raqam.

Chat