Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10384 marta o'qildi

Bolaga nisbatan zo‘ravonlik shakllari

Bolaga nisbatan zo‘ravonlik quyidagi shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin:

  • jismoniy zo‘ravonlik;
  • jinsiy zo‘ravonlik;
  • ruhiy zo‘ravonlik;
  • g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik;
  • ekspluatatsiya;
  • ta’qib qilish va qo‘rqitish — bulling.

Bolaga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllari taqiqlanadi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlik xavfi ostidagi bola davlat tomonidan himoya qilinishi shart.

Himoya orderini kim va qaysi muddatda beradi

Himoya orderi zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki uni sodir etish xavfi aniqlanganidan keyin xavf darajasini baholash natijalari asosida ichki ishlar organining mas’ul xodimi tomonidan rasmiylashtiriladi.

Order:

  • 24 soat ichida beriladi;
  • Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi bilan muvofiqlashtiriladi;
  • dastlab 30 kungacha amal qiladi;
  • rasmiylashtirilgan paytdan boshlab kuchga kiradi;
  • bolaga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi;
  • uning nusxasi zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga beriladi.

Muhim: bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf ostida bo‘lsa, himoya orderi rasmiylashtirilishini kutib turmasdan 102 raqamiga, ichki ishlar organiga yoki «Inson» markaziga xabar berish lozim.

Himoya orderida belgilanadigan cheklovlar

Himoya orderi bilan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga:

  • bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilish;
  • bola bilan aloqa o‘rnatish yoki uni ta’qib qilish;
  • bola o‘qiydigan, ishlaydigan yoxud davolanayotgan joyda u bilan bevosita muloqot qilish;
  • orderda ko‘rsatilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish taqiqlanishi mumkin.

Agar bola va zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bir joyda o‘qisa yoki ishlasa, ichki ishlar organi bir ish kuni ichida ular o‘rtasidagi bevosita aloqani cheklash to‘g‘risida tegishli tashkilotga taqdimnoma kiritadi.

Order muddatini uzaytirish

Zo‘ravonlik xavfi bartaraf etilmagan bo‘lsa, bola yoki uning qonuniy vakili himoya orderining muddatini uzaytirishni so‘rashi mumkin.

Ichki ishlar organi materiallarni bir ish kuni ichida tayyorlab, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudiga yuboradi. Sud materiallarni 24 soat ichida, yopiq sud majlisida ko‘rib chiqadi.

Himoya orderining muddati sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin. Biroq orderning amal qilishi bola 18 yoshga to‘lganida tugatiladi.

Huquqbuzar 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa

Agar zo‘ravonlik sodir etgan shaxs 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, unga nisbatan himoya orderi berilmaydi. Bu bolani himoyasiz qoldirishni anglatmaydi: vakolatli organlar xavfni bartaraf etish, bolalarni ajratish, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabi individual himoya choralarini qo‘llaydi.

Shikoyat qilish huquqi

Himoya orderini berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Order muddatini uzaytirish bo‘yicha sud ajrimi ustidan 72 soat ichida shikoyat berilishi mumkin. Shikoyat berish sud ajrimining ijrosini to‘xtatmaydi.

Chat