Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7663 marta o'qildi

1. Kadastr pasporti ob’ektning kadastr ma’lumotlarini aks ettiradi

Kadastr pasporti er uchastkasi, bino va inshoot hamda ko‘p yillik dov-daraxtlar kadastr hisobiga olinganidan keyin rasmiylashtiriladi.

Pasportda ob’ektning texnik va kadastr ko‘rsatkichlari aks ettiriladi, ammo mulkdor va huquqni belgilovchi hujjatlar haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmaydi.

2. Kadastr pasporti elektron va plastik shaklda beriladi

Kadastr pasporti elektron va plastik shaklda rasmiylashtiriladi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda qog‘oz shakli ham taqdim etiladi.

Plastik kadastr pasporti Davlat kadastrlari palatasi filiali tomonidan tayyorlanib, ariza beruvchiga pochta xizmati orqali etkaziladi.

Faqat elektron shakl berilishi haqidagi avvalgi ma’lumot amaldagi qonunchilikka muvofiq emas: kadastr pasporti plastik shaklda ham rasmiylashtiriladi.

3. Pasport yangi ob’ekt yoki ob’ektdagi o‘zgarishlar bo‘yicha rasmiylashtiriladi

Kadastr pasporti:

  • er uchastkasi berilganda;
  • ob’ekt birlamchi texnik inventarizatsiyadan o‘tkazilganda;
  • rekonstruktsiya, qo‘shimcha yoki alohida imorat qurilishi natijasida o‘zgarish aniqlanganda;
  • ob’ekt bo‘linganda yoki birlashtirilganda;
  • er uchastkasi maydoni yoki chegaralari o‘zgarganda;
  • ob’ekt manzili yoki foydalanish maqsadi o‘zgarganda rasmiylashtiriladi yoki yangilanadi.

4. Murojaat DXM yoki YaIDXP orqali beriladi

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan yoki YaIDXP orqali elektron shaklda murojaat qiladi.

Portal orqali yuborilgan so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi. Uchinchi shaxs manfaati uchun harakat qilinganda ishonchnoma ilova qilinadi. Vafot etgan shaxs nomidan uning yaqin qarindoshlari murojaat qilishi mumkin.

5. Faqat reglamentda belgilangan hujjatlar talab qilinadi

So‘rovnomaga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat va yangi ob’ektga tasdiqlangan loyiha hujjatlari ilova qilinadi.

Ariza beruvchidan ma’muriy reglamentda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha hujjat yoki ma’lumotlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi.

6. Turar joy ob’ektlari uchun alohida muddatlar belgilangan

Kadastr pasporti:

  • kvartira uchun — 5 ish kunigacha;
  • yakka tartibdagi turar joy uchun — 8 ish kunigacha tayyorlanadi.

Noturar ob’ektlar, yaxlit ko‘p kvartirali uylar va er uchastkalari bo‘yicha muddat ob’ektning maydoni va murakkabligiga qarab belgilanadi.

7. To‘lov ob’ektning turi va maydoniga bog‘liq

Kvartira va yakka tartibdagi turar joy uchun kadastr pasportini tayyorlash qiymati ob’ektning har bir kvadrat metri uchun BHMning 1,15 foizi miqdorida hisoblanadi.

Kadastr muhandisi tayyorlagan yig‘majild asosida ob’ektni hisobga olish va pasport berish uchun maydonga qarab 0,2 BHMdan 1 BHMgacha, kadastr qiymatini hisoblash talab etilganda esa 0,5 BHMdan 2 BHMgacha to‘lov belgilangan.

8. Portal orqali murojaat qilish arzonroq

YaIDXP orqali murojaat qilinganda hisoblangan to‘lov qiymatining 90 foizi undiriladi.

Ariza beruvchi elektron invoysni olganidan keyin to‘lovni bir oy ichida amalga oshirishi kerak. Muddatda to‘lanmasa, pasportni berish rad etiladi.

9. Ayrim hollarda pasport bepul rasmiylashtiriladi

Birlamchi kadastr pasporti mavjud va ob’ektda texnik o‘zgarishlar bo‘lmasa, pasport:

  • ob’ekt begonalashtirilganda;
  • pasport yo‘qolganda yoki yaroqsiz holga kelganda;
  • ob’ektning bir qismi begonalashtirilib, qolgan qismiga;
  • ob’ekt ixtisoslashishi rekonstruktsiyasiz o‘zgarganda;
  • aholi punkti nomi yoki chegarasi o‘zgarganda bepul rasmiylashtiriladi.

10. Asossiz rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi

Noto‘g‘ri ma’lumotlar, huquqni belgilovchi hujjat mavjud emasligi, ob’ektga kirish imkoni berilmasligi, ob’ektga taqiq yoki xatlov qo‘yilganligi hamda ob’ektdan foydalanish maqsadi er uchastkasining maqsadiga mos kelmasligi rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Reglamentda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bo‘yicha kadastr pasportini berishni rad etish taqiqlanadi.

Kadastr pasportini berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2 sentyabrdagi 535-son qarori, xizmatlar qiymati esa Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10 iyuldagi 186-son qarori bilan belgilangan.

Chat