Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 50550 marta o'qildi

Qanday holatda sudga bormasdan ajrashish mumkin?

Er-xotin o‘zaro nikohdan ajratishga rozi bo‘lsa va ularning voyaga etmagan umumiy farzandlari bo‘lmasa, nikoh FHDYo organida bekor qilinishi mumkin.

Bunda er-xotin o‘rtasida umumiy mol-mulkni bo‘lish yoki muhtoj mehnatga layoqatsiz turmush o‘rtog‘iga ta’minot berish yuzasidan hal qilinishi lozim bo‘lgan nizo mavjud bo‘lmasligi kerak. Bunday nizolar bo‘lsa, masala sud tartibida ko‘riladi.

Agar xotin homilador bo‘lsa, o‘zaro rozilik asosida FHDYo orqali nikohdan ajratish haqidagi ariza qabul qilinmaydi.

Ariza qaerga va qanday beriladi?

Er-xotin nikohdan ajratish haqida birgalikda ariza beradi. Nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish er-xotinning doimiy yoki vaqtincha yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganidan qat’i nazar amalga oshiriladi.

Agar er yoki xotindan biri ariza berish uchun FHDYo organiga kela olmasa, belgilangan holatda ikkinchi tomon ularning birgalikdagi arizasini taqdim etishi mumkin. Kela olmagan shaxsning imzosi notarial tartibda yoki qoidalarda belgilangan boshqa tartibda tasdiqlanishi kerak.

O‘zbekiston FHDYo organlarida qayd etilgan nikoh bo‘yicha arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham berish mumkin. Bunda har ikki tomonning roziligi Face-ID yoki MyID orqali tasdiqlanadi.

Nikoh qachon ajratiladi?

Nikohdan ajratish ariza berilgan kundan boshlab 3 oy o‘tgach FHDYo organida qayd etiladi.

FHDYo organi ariza qabul qilinganidan keyin 3 kun ichida er-xotin yashaydigan joydagi fuqarolar yig‘inining oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasini xabardor qiladi.

Davlat boji qancha?

Voyaga etmagan farzandlari bo‘lmagan er-xotinning o‘zaro roziligi asosida nikohdan ajratishni qayd etish uchun 1,5 BHM miqdorida davlat boji undiriladi. Boj er-xotindan biri yoki ularning kelishuviga ko‘ra har ikkisidan undirilishi mumkin.

YaIDXP orqali mustaqil murojaat qilinganda belgilangan davlat boji va yig‘imlar summasining 90 foizi undiriladi.

Nikohdan ajratish qayd etilgandan keyin har bir sobiq turmush o‘rtog‘iga nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma beriladi.

Chat