Statsionar tibbiy yordam — bemorni kechayu kunduz tibbiy kuzatish, davolash va zarur hollarda parvarish qilish sharoitida ko‘rsatiladigan tibbiy yordam.
Davlat byudjeti hisobidan rejali statsionar yordam olish uchun bemor avvalo o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasiga murojaat qiladi.
Oilaviy shifokor bemorni ko‘rikdan o‘tkazadi va tibbiy ko‘rsatma bo‘lsa, bir ish kunida tuman yoki shahar darajasidagi tor soha mutaxassisiga yo‘naltiradi. Tor soha mutaxassisi ham bemorni bir ish kunida klinik protokollar asosida ko‘rikdan o‘tkazadi.
Agar bemorga statsionar davolanish zarur bo‘lsa, belgilangan tartibda elektron yo‘llanma shakllantiriladi.
Yo‘llanma — muayyan kasallik bo‘yicha davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida rejali statsionar davolanish imkonini beruvchi QR-kodli hujjat.
Hudud yoki respublika darajasida davolash zarur bo‘lgan hollarda bemor ma’lumotlari elektron tizim orqali tegishli tibbiy-tanlov komissiyasiga yuboriladi.
Belgilangan hollarda bemor yoki uning qonuniy vakili Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tashkilotlar orasidan tashxisga mos davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlaydi.
Tashkilotni tanlash uchun 30 kun beriladi. Tanlangan tibbiyot tashkiloti bemorni yo‘llanmada belgilangan muddatda, tartib sxemasi bo‘yicha 60 kungacha bo‘lgan muddatda qabul qiladi.
Bemor rejali tibbiy yordam uchun tegishli yo‘llanmasiz tibbiyot tashkilotiga bevosita murojaat qilsa, xizmat pulli asosda ko‘rsatiladi.
Eslatma: bu qoida shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordamga tatbiq etilmaydi.
3 yoshga to‘lmagan bola statsionarda davolanayotganda uni bevosita parvarishlayotgan ota, ona yoki boshqa oila a’zosiga bola bilan birga bo‘lish imkoniyati yaratiladi va mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi.
Bu huquq shifokor xulosasiga ko‘ra qo‘shimcha parvarishga muhtoj bo‘lgan kattaroq yoshdagi og‘ir kasal bolaga ham tatbiq etiladi.