
Uy-joy fondi – inson yashashi uchun yaroqli bo‘lgan turar joydan, shu jumladan uylar, kvartiralar, xizmat turar joylari, maxsus uylardan (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylardan) iborat bo‘lgan fond.
Uylarda joylashgan savdo, maishiy va nosanoat yo‘nalishidagi o‘zga ehtiyojlarga mo‘ljallangan, yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar uy-joy fondiga kirmaydi.
Uy-joy fondi tarkibi
- uylar;
- kvartiralar;
- xizmat turar joylari;
- yotoqxonalar;
- vaqtinchalik uy-joy fondi uylari;
- nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar;
- bolalar uylar;
- boshqa maxsus maqsadli uylar.
Uy-joy fondi quyidagilardan iborat:
xususiy uy-joy fondlari
- yakka tartibda qurilgan uylar;
- xususiylashtirilgan kvartiralar va uylar;
- qurilgan kvartiralar va uylar;
- sotib olingan kvartiralar va uylar;
- xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari hamda boshqa nodavlat yuridik shaxslarning mulki bo‘lgan va ularning mablag‘lari hisobidan qurilgan uylar.
davlat uy-joy fondlari
- mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan munitsipal uy-joy fondi;
- davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga tegishli bo‘lgan idoraviy uy-joy fondi;
- ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta’minlangan fuqarolar uchun xususiylashtirish huquqisiz, ijara shartlari asosida foydalanishga berilgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi.
Turar joylarni uy-joy fondiga kiritish
Uylar va turar joylarga nisbatan mulk huquqining kadastr idoralari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ularning uy-joy fondiga kiritilganligining tasdig‘i hisoblanadi.
Turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish
Quyidagi hollarda uylar va turar joylar uy-joy fondidan chiqariladi:
- avariya yoki yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan hollarda;
- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun buzilganda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari qaroriga ko‘ra yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarga o‘tkazilganda.