Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 72881 marta o'qildi

Shartnomani rasmiylashtirish

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha mulkdor uy-joyni boshqa shaxsga haq evaziga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun beradi.

Shartnoma yozma shaklda tuziladi. Uni notarial tasdiqlash talab etilmaydi. Uy-joy ijarasi shartnomasining eng ko‘p muddati 5 yil. Shartnomada muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u 5 yilga tuzilgan deb hisoblanadi.

Shartnomada quyidagilar ko‘rsatilishi lozim:

  • taraflarning shaxsiy ma’lumotlari;
  • uy-joyning manzili va kadastr ma’lumotlari;
  • ijaraga beriladigan maydon;
  • ijara muddati;
  • ijara haqi va uni to‘lash sanasi;
  • kommunal to‘lovlarni qaysi taraf to‘lashi;
  • ijaraga oluvchi bilan doimiy yashaydigan shaxslar;
  • shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish shartlari;
  • taraflarning huquq va majburiyatlari.

Shartnomani hisobga qo‘yish

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yiladi. Bu xizmat uchun to‘lov undirilmaydi.

Shartnomani:

  • Davlat xizmatlari markazi;
  • Soliq xizmatlari portali;
  • YaIDXP — my.gov.uz orqali hisobga qo‘yish mumkin.

Elektron shaklda ijaraga beruvchi uy-joy, ijara maydoni, muddati va bir oylik to‘lov miqdorini kiritadi. Ma’lumotlar ijaraga oluvchiga tasdiqlash uchun yuboriladi. Ijaraga oluvchi tasdiqlaganidan keyin real vaqt rejimida QR-kodli guvohnoma shakllanadi.

Shartnomani hisobga qo‘yish bilan bir vaqtda ijaraga oluvchi va shartnomada ko‘rsatilgan boshqa shaxslarni ijara muddatiga vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish uchun so‘rov yuborish mumkin. Shartnoma tugaganda yoki muddatidan oldin bekor qilinganda vaqtincha ro‘yxat ham avtomatik bekor qilinadi.

Muhim: yozma shartnoma tuzishning o‘zi etarli emas. Uni soliq organida hisobga qo‘ymaslik qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Ijaradan daromad oluvchi jismoniy shaxs daromad solig‘ini qonunchilikda belgilangan tartibda to‘laydi.

Chat