Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30537 marta o'qildi

Murojaatning uch turi

Qonunga ko‘ra murojaatlar:

ariza;

taklif;

shikoyat tarzida bo‘lishi mumkin.

Ular og‘zaki, yozma yoki elektron shaklda berilishidan qat’i nazar bir xil yuridik ahamiyatga ega.

Ariza

Ariza — shaxsning o‘z huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda yordam so‘rab qilgan murojaati.

Masalan, ma’lum xizmatni ko‘rsatish, huquqni amalga oshirish uchun ruxsat yoki hujjat olish, muayyan masalani hal etishda amaliy yordam so‘rash mazmunidagi murojaat ariza bo‘lishi mumkin.

Taklif

Taklif — davlat va jamiyat faoliyatini yaxshilash yuzasidan tavsiya va tashabbuslarni o‘z ichiga olgan murojaat.

Bunda shaxs o‘zining buzilgan huquqini tiklashni emas, balki muayyan tizim, tartib, xizmat yoki faoliyatni takomillashtirishni taklif qiladi.

Shikoyat

Shikoyat — buzilgan huquq, erkinlikni tiklash yoki qonuniy manfaatni himoya qilish talab qilingan murojaat.

Masalan, davlat organining qaroridan, mansabdor shaxsning harakati yoki harakatsizligidan norozi shaxs tegishli yuqori turuvchi organ yoki boshqa vakolatli organga shikoyat qilishi mumkin.

Eslatma: murojaatchi o‘z xatiga noto‘g‘ri nom qo‘ygani — masalan, «ariza» deb yozib, mazmunan shikoyat bergani — murojaatni rad qilish uchun o‘z-o‘zidan asos bo‘lmaydi. Qonunga ko‘ra murojaatlar shakli va turidan qat’i nazar bir xil ahamiyatga ega.

Qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi

Ariza va shikoyat masalani hal qilishi kerak bo‘lgan organga kelib tushgan kundan boshlab, qoida tariqasida, 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish yoki qo‘shimcha hujjatlar talab etilsa, muddat 1 oygacha bo‘lishi mumkin. Istisno hollarda rahbar muddatni yana ko‘pi bilan bir oyga uzaytirishi mumkin va bu haqda murojaatchiga xabar beriladi.

Takliflar, qoida tariqasida, 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qilinsa, bu haqda taklif kiritgan shaxsga 10 kun ichida xabar beriladi.

Kimga yuboriladi

Murojaat undagi masalani hal qilish vakolatiga ega davlat organi, tashkilot yoki mansabdor shaxsga yuboriladi.

Shaxs murojaatni o‘zi berishi, vakil orqali taqdim etishi, pochta yoki elektron shaklda yuborishi mumkin.

Chat