Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16686 marta o'qildi

Kimlar imtiyozli yo‘llanma olishi mumkin?

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda sog‘lomlashtirish uchun yo‘llanmalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tegishli sanatoriylarga beriladi.

Imtiyozli yo‘llanma olish huquqiga quyidagilar ega:

  • urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari);
  • respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilar;
  • Chernobilь AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan yoki shu sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi shaxs;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar;
  • yoshga doir pensiya oluvchilar.

Yo‘llanmalar soni sanatoriylardagi mavjud o‘rinlar hamda har yili Davlat byudjetidan shu maqsad uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida belgilanadi.

Yo‘llanma qancha vaqtda bir marta beriladi?

Birinchi marta murojaat qilayotgan shaxslar uchun davriylik cheklovi qo‘llanilmaydi. Keyingi yo‘llanmalar esa imtiyoz toifasiga qarab navbat asosida beriladi:

  • har yili — urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga, respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchilarga, Chernobilь halokati oqibatlaridan jabrlangan ayrim shaxslarga, yadro ob’ektlarida xizmat qilgan pensiya yoshidagi shaxslarga va o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalarga;
  • ikki yilda bir marta — urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlari (beva erlari), I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi shaxsga;
  • uch yilda bir marta — yoshga doir pensiya oluvchilarga.

«O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxs yuqoridagi imtiyozli toifalardan biriga kirsa, yo‘llanma belgilangan davriylikka muvofiq navbatsiz beriladi.

Qaerga murojaat qilinadi?

Fuqaro yoki uning vakili sanatoriyga yo‘llanma olish uchun:

  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali murojaat qilishi mumkin.

«Inson» markazining ijtimoiy xodimi ham fuqaroning roziligi bilan uning nomidan elektron ariza berishi mumkin. Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun hech qanday yig‘im undirilmaydi.

Qanday hujjatlar kerak?

So‘rovnomaga:

  • imtiyozdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • davolovchi shifokor tomonidan berilgan, sanatoriyda sog‘lomlashtirish tavsiya etilgan tibbiy ma’lumotnoma ilova qilinadi.

Qonunchilikda ko‘rsatilmagan boshqa hujjat yoki ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.

Ayrim kasalliklarda, jumladan faol bosqichdagi sil, o‘tkir yuqumli kasalliklar, yuqumli teri va soch kasalliklari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa tibbiy qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lganda sanatoriyda sog‘lomlashtirish uchun tibbiy ma’lumotnoma berilmaydi.

Navbat va yo‘llanma qanday beriladi?

Ariza «IHMA Sanatoriy» modulida elektron reestrga kiritiladi. Fuqaro o‘z arizasining holati va navbatini Davlat xizmatlari markazi, «Inson» markazi, YaIDXP yoki «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali real vaqt rejimida kuzatishi mumkin.

Yo‘llanmalar sanatoriylardagi bo‘sh o‘rinlar va ajratilgan byudjet mablag‘laridan kelib chiqib navbat asosida beriladi. Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga yo‘llanmalar birinchi navbatda ajratiladi.

Sanatoriy yo‘llanmasi 10 kunga beriladi. Fuqaro navbati kelgani haqida yo‘llanma boshlanishidan 20 kun oldin, biroq kamida 10 kun oldin elektron xabar, SMS yoki vakolatli organ orqali xabardor qilinadi.

Yo‘llanma QR-kod bilan elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Fuqaroning xohishiga ko‘ra u qog‘oz shaklda ham berilishi mumkin.

Yo‘llanmadan foydalana olmasa nima qilish kerak?

Agar fuqaro belgilangan vaqtda sanatoriyga bora olmasa, yo‘llanmaning amal qilish muddati boshlanishidan kamida 3 kun oldin undan foydalanishni rad etishi yoki muddatni bir oyga uzaytirish haqida murojaat qilishi mumkin. Navbatni keyingi oyga ko‘chirish imkoniyati faqat bir marta qo‘llaniladi.

Yo‘llanmaning amal qilish muddati boshlanganidan keyin 5 kun ichida sanatoriyga murojaat qilinmasa, yo‘llanma bekor qilinadi va fuqaro elektron navbat ro‘yxatidan chiqariladi.

Sanatoriyga borganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat, yo‘llanma hamda tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan sanatoriy-kurort kartasi bo‘lishi kerak. Yo‘llanma faqat unda ko‘rsatilgan shaxsga tegishli va boshqa shaxsga berilmaydi.

Ko‘zi ojiz I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni kuzatib boruvchi shaxsga berilgan yo‘llanma bo‘yicha yotoq joy va ovqatlanish bepul, boshqa xizmatlar esa shartnoma asosida pulli ko‘rsatilishi mumkin.

Chat