Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18519 marta o'qildi

Xodimlar quyidagi ijtimoiy ta’tillarni olish huquqidan foydalanadi:

homiladorlik va tug‘ish ta’tillari
  • ayollar tuqqunga qadar 70 kalendarь kun va tuqqanidan keyin 56 kalendarь kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki 2 va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — 70 kalendarь kun) bunda davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.
  • Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari haqida to‘liq ma’lumotlarni bu erda olishingiz mumkin.

bolalarni parvarishlash ta’tillari

1) Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin:

  • bola 2 yoshga to‘lgunga qadar nafaqa to‘lanadigan;
  • bola 3 yoshga to‘lgunga qadar ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

Ushbu ta’tillardan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki uni qismlarga bo‘lib foydalanishlari mumkin.

Bolani parvarishlash ta’tili davrida to‘liq bo‘lmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlashlari mumkin.

Bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan 3 yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.

2) Yangi tug‘ilgan bolalarni bevosita tug‘uruqxonadan farzandlikka olgan yoki bolalarga vasiy qilib belgilangan shaxslarga quyidagi ta’tillar beriladi:

  • bola farzandlikka olingan (vasiylik belgilangan) kundan boshlab, bola tug‘ilgan kundan e’tiboran 56 kalendarь kun, ikki yoki undan ortiq bola asrab olingan (vasiylik belgilangan) taqdirda esa 70 kalendarь kun o‘tgunga qadar bo‘lgan davrda davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lagan holda ta’til;
  • bola 3 yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun qo‘shimcha ta’tillar beriladi.

3) 12 yoshga to‘lmagan 2 va undan ortiq bolasi yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolasi bor ayollarga:

  • har yili 3 ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til;
  • har yili 14 kalendarь kundan kam bo‘lmagan muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi.

ta’lim olish munosabati bilan
  • Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olayotgan xodimlar diplom loyihasini (ishini) bajarish yoki bitiruv imtihonlari topshirishdan oldingi 10 o‘quv oyi davomida mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun 6 kunlik ish haftasi bo‘lganda haftada bir kun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etiladilar. Ish haftasi 5 kunlik bo‘lsa, ishdan ozod etiladigan kunlar miqdori ish smenasining muddatiga qarab o‘zgaradi, ishdan ozod etiladigan soatlar miqdori esa saqlanib qoladi.
  • Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining oxirgi kurslarida o‘qiyotgan xodimlarga diplom loyihasiga materiallar to‘plash uchun 30 kalendarь kun muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi. Mazkur ta’til davrida talabalar va o‘quvchilarga umumiy asoslarda stipendiya tayinlanadi.

ijodiy ta’tillar
  • darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yozish uchun 3 oygacha;
  • doktorlik dissertatsiyasini yakunlash uchun 6 oygacha.

Ijodiy ta’tillar berish tartibi va ularning davomiylik muddati haqida to‘liq ma’lumotni bu erda olish mumkin.

Chat