Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4974 marta o'qildi

Bolalar musiqa va san’at maktabi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining qarori bilan tashkil etiladi.

Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarning qiziqishlari va ehtiyojlariga ko‘ra, ularning ijodiy imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan musiqa (fortepiano, torli cholg‘ular, estrada cholg‘u ijrochiligi, xalq cholg‘ulari, damli va zarbli cholg‘ular, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik, estrada xonandaligi) va san’at (xoreografiya, teatr san’ati, tasviriy va amaliy san’at) yo‘nalishlarida faoliyatini amalga oshiradi.

Bolalar musiqa va san’at maktabida o‘quvchilarga ta’lim berish yakka tartibda yoki bir xil yoshdagi va turli yoshdagi bolalar guruhlarida ularning qiziqishlariga ko‘ra bir yoxud bir necha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladi.

O‘qishga qabul qilish

Bolalar musiqa va san’at maktabi rahbariyati har yili iyunь avgust oylarida o‘qishga qabul qilish ishlarini tashkil etadi.

O‘quvchilar bolalar musiqa va san’at maktabiga Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadigan qabul kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilinadi.

Qabul kvotalari bolalar musiqa va san’at maktabining quvvati, moddiy-texnika bazasi, kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi, ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talab va ehtiyojlarni inobatga olgan holda shakllantiriladi.

Topshiriladigan hujjatlar

Bolalar musiqa va san’at maktabiga o‘qishga kirish uchun o‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb ataladi) har yili 1-avgust 25-avgust mobaynida qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim yo‘nalishi (yo‘nalishlari) ko‘rsatilgan ariza;
  • o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;
  • o‘quvchiga belgilangan shaklda berilgan tibbiy ma’lumotnoma;
  • 3 x 4 o‘lchamli 2 ta fotosurat.

Imtihonlar

Imtihonlar har yili 31-avgustgacha o‘quvchining ijodiy qobiliyatini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

Imtihonlar qabul komissiyasi huzurida o‘tkaziladi. Imtihonlar bir marta topshiriladi, qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Imtihonlar ijodiy qobiliyatni aniqlash va maxsus fanlar bo‘yicha qabul sinoviga bo‘linadi

Ijodiy qobiliyatni aniqlash

Qabul komissiyasi ota-onaning arizasida ko‘rsatilgan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchining quyidagi ijodiy qobiliyatini qabul sinovlarida aniqlaydi:

  • musiqa (fortepiano, torli cholg‘ular, estrada cholg‘u ijrochiligi, xalq cholg‘ulari, damli va zarbli cholg‘ular, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik, estrada xonandaligi) yo‘nalishi bo‘yicha musiqa ritmiga moslashishi, qo‘shiq aytishi, musiqani eshitishi va eslab qolishi;
  • xoreografiya bo‘yicha jismonan ma’qulligi (tana va oyoqlarning egiluvchanligi), ritmga moslashishi, musiqani eshitishi;
  • tasviriy va amaliy san’at mutaxassisliklari bo‘yicha tasavvuridagi narsa-buyum yoki manzarani chiza olishi;
  • teatr san’ati mutaxassisliklari bo‘yicha she’r yoki monologni yoddan ifodali o‘qishi va ovoz yoki harakatga nisbatan taqlid qila olishi.

Maxsus fanlar bo‘yicha qabul sinovi

a) musiqa (fortepiano, torli cholg‘ular, estrada cholg‘u ijrochiligi, xalq cholg‘ulari, damli va zarbli cholg‘ular, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik, akademik xonandalik, estrada xonandaligi) yo‘nalishi bo‘yicha — mutaxassislik va solьfedjio fani;

b) san’at yo‘nalishlari bo‘yicha:

  • xoreografiya — mumtoz raqs, parter fani;
  • tasviriy va amaliy san’at — chizma tasvir, rang tasvir, kompozitsiya fani;
  • teatr san’ati — aktyorlik mahorati, sahna nutqi, sahna harakati fani.

Qabul qilish

O‘quvchining sinovdan o‘tgan yoki o‘tmaganligi qabul komissiyasi a’zolarining ochiq ovoz berishi yo‘li bilan aniqlanadi. Qabul komissiyasi a’zolarining ko‘pchiligi ijobiy ovoz bergan taqdirda o‘quvchi qabul sinovidan o‘tgan hisoblanadi.

Qabul komissiyasining raisi barcha a’zolardan so‘ng ovoz beradi. Ovozlar soni teng bo‘lib qolganda qabul komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Qabul komissiyasi o‘quvchini o‘qishga qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qabul komissiyasining ijobiy qaroriga asosan muassasa direktori o‘quvchini o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

O‘quvchilarni o‘quv yili davomida o‘qishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Musiqa va san’at maktabida o‘qish muddati

T/r

Ta’lim yo‘nalishlari

Qabul yoshi

O‘qish muddati

Musiqa yo‘nalishi

1.

Fortepiano

6 — 9

7 yil

2.

Torli cholg‘ular

6 — 9

7 yil

3.

Estrada cholg‘u ijrochiligi:

fortepiano, torli cholg‘ular;

damli va zarbli cholg‘ular

6 — 9;

6 — 11

7 yil;

5 yil

4.

Xalq cholg‘ulari

6 — 11

5 yil

5.

Damli va zarbli cholg‘ular

6 — 11

5 yil

6.

An’anaviy cholg‘u ijrochiligi

6 — 11

5 yil

7.

An’anaviy xonandalik

6 — 11

5 yil

8.

Akademik xonandalik

6 — 11

5 yil

9.

Estrada xonandaligi

6 — 11

5 yil

San’at yo‘nalishi

10.

Xoreografiya

6 — 11

5 yil

11.

Tasviriy san’at

6 — 11

5 yil

12.

Amaliy san’at

6 — 11

5 yil

13.

Teatr san’ati

6 — 11

5 yil

Ta’lim jarayoni

O‘quv yili bolalar musiqa va san’at maktabida 2 sentyabrdan kelgusi yilning 31-mayiga qadar davom etadi va to‘rtta chorakka bo‘linadi.

O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:

  • o‘quv yilining davomiyligi — 34 hafta;
  • o‘quv haftasining davomiyligi — 6 kun;
  • dars mashg‘ulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
  • dars mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffusning davomiyligi — 5 daqiqa.

Baholash

O‘quvchilarning bilimi va ijodiy mahorati quyidagi tartibda baholanadi: 5 (a’lo), 4 (yaxshi), 3 (qoniqarli), 2 (qoniqarsiz).

Bolalar musiqa va san’at maktabida sinfdan sinfga o‘tkazish va bitiruv imtihonlari har yili 10-may — 31-may mobaynida o‘tkaziladi.

Bolalar musiqa va san’at maktabi bitiruvchilariga iyunь oyida o‘qishni tugatganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

Bitiruv imtihonlarini topshira olmagan o‘quvchilarga muassasada o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi.

Maktabdan chetlaish

O‘quvchilar quyidagi hollarda maktabdan chetlashtiriladi:

  • o‘z xohishiga binoan;
  • o‘qishning boshqa bolalar musiqa va san’at maktabiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
  • salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
  • akademik o‘zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun;
  • o‘quv intizomini va muassasaning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
  • o‘qish uchun belgilangan to‘lovning o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lovdan ozod etilgan o‘quvchilar bundan mustasno);
  • o‘quvchining sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
  • vafot etganligi sababli.

Direktorning o‘quvchini bolalar musiqa va san’at maktabidan chetlashtirish to‘g‘risidagi buyrug‘iga quyidagilardan biri asos bo‘ladi: ota-onaning arizasi, pedagogik kengash qarori, o‘qituvchining bildirishnomasi.

To‘lovlar

Bolalar musiqa va san’at maktabida ta’lim olish to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Bunda bir oiladan ikki yoki undan ko‘p bolalar o‘qishga qatnasa to‘lov miqdori belgilangan stavkaning 70 % miqdorida undiriladi.

To‘lov o‘quv yili (sentyabrь — may oylari) uchun to‘lanadi. To‘lovlar har oyda kelgusi oyning 5-sanasidan kechikmasdan to‘lanadi. Batafsil havola bilan tanishing.

Bolalar musiqa va san’at maktablarida to‘lovlar miqdori

Musiqa va san’at maktabi joylashgan joy

Yil boshidagi eng kam ish
haqiga nisbatan foizlarda

Musiqa yo‘nalishi

Toshkent shahri

75

Viloyat markazlari

50

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlari

30

San’at yo‘nalishi

Toshkent shahri

50

Viloyat markazlari

30

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa aholi punktlari

20

To‘lovdan ozod qilish

To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ham bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qish uchun belgilangan to‘lovlardan ozod etiladi.

To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘qishi uchun to‘lovdan ozod etishga xalq ta’limi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan berilgan ma’lumotnoma asos bo‘ladi.

Bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘quvchilar umumiy sonining 25 foizi doirasida bolalarning quyidagi toifalari to‘lovdan ozod etiladi:

  • musiqa va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro (1 — 3-o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) tanlovlarida g‘olib bo‘lgan bolalar — bir kalendarь yil mobaynida (g‘olib deb e’lon qilingandan keyingi oydan boshlab 12 oy mobaynida);
  • kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan bolalar.

Musiqa va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro (1 — 3-o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) tanlovlarida g‘olib bo‘lgan bolalarni bir kalendarь yil mobaynida o‘qitish uchun to‘lovdan ozod etishga ularning tanlovda g‘olib bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjati asos bo‘ladi.

Kam ta’minlangan oilalarning bolalarini to‘lovdan ozod etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:

  • a) ota-onalarning arizasi;
  • b) oilaning kam ta’minlanganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan ma’lumotnoma.

Oilaning bir a’zosiga bir oyda to‘g‘ri keladigan jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning bolalari to‘lovdan ozod etiladigan bolalarning ro‘yxatiga birinchi navbatda kiritiladi.

Ro‘yxatga kirmagan kam ta’minlangan oilalarning bolalaridan zaxira shakllantiriladi.

To‘lovdan ozod etiladigan bolalarning ro‘yxati bolalar musiqa va san’at maktabi direktorining buyrug‘i asosida tasdiqlanadi.

Chat